Jurabek Laboratories kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan «Sputnik V» vaksinasi Gamaleya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ma’qullandi. Bu haqda kompaniyaning ishlab chiqarish direktori Farrux Lutfullayev «Gazeta.uz» ga ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, hozirda kompaniya Rossiyadan xom-ashyo kelishini kutmoqda. «Keyingi hafta seshanba yoki chorshanba kuni kelib qolishi kerak. Kelishi bilan ishlab chiqarishni boshlaymiz», — dedi Lutfullayev.

Vaksinalar ishlab chiqarilganidan so‘ng, ularning har bir seriyasidan na’munalar yana Rossiyaga tekshiruv uchun yuboriladi. Gamaleya ilmiy-tadqiqot markazi ushbu na’munalarni ma’qullaganidan so‘nggina, vaksinalar emlash uchun yetkazib beriladi.

Ya’ni, keyingi haftada ishlab chiqariladigan vaksinalar faqat avgust oxiriga kelib yetkazib berilishi mumkin.

Farrux Lutfullayevning ma’lum qilishicha, hozirga qadar davlat tomonidan kompaniyaga 2 mln doza miqdorida «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarishga buyurtma berilgan. «Ularning 1 mln dozasi birinchi komponent, yana 1 mln dozasi ikkinchi komponent uchun bo‘ladi», — dedi u.

«Xalq so‘zi» qayd etishiga ko‘ra, birinchi navbatda O‘zbekiston bozoriga vaksinalar ta’minlab beriladi. Undan keyin ortiqchasi eksport qilinadi.

May oyi oxirida Toshkentga ishchi tashrif bilan kelgan RF Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasining ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish haqida kelishilganini ma’lum qilgan edi.

Yaqin kunlarda «Sputnik V» vaksinasining 90 ming dozalik 2-komponenti O‘zbekistonga keltirilishi kutilmoqda.