Avvalroq, 2022 yildan e’tiboran 6-sinfdan a’lo bahoga o‘qigan va xulqi yaxshi bo‘lgan maktab bitiruvchilariga OTMlarga imtihonlarsiz kirishga tavsiyanoma berilishi mumkinligi va bu haqda xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda ma’lum qilgani haqida yozgan edik.

Mazkur xabar e’lon qilingach, vazir «Gazeta.uz» bilan bog‘lanib, xabarga aniqlik kiritdi va tavsiyanoma berilishi emas, balki abituriyentlarning kirish imtihonlarida yig‘gan ballariga maktabning so‘nggi 6 yilida olgan baholarining o‘rta arifmetik ko‘rsatkichini qo‘shishni nazarda tutganini qayd etdi.

Ushbu taklif joriy yilning fevralida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiда aks etgan edi.

«Endi uning mexanizmini ishlab chiqish kerak. Hozir vazifa qo‘yilgan. Baribir, ko‘pchilik kirish imtihonlaridan norozi… Imtihonni ikkiga bo‘lsa bo‘ladi, uning mazmuni va boshqarish bor. Imtihonni boshqarish jarayonlarida juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Katta auditoriyalarda o‘tkazilishi, videokuzatuv va boshqalar. Lekin endi odamlar imtihonning mazmunini tushunishni boshlashdi. Oldin adolatsizlik bo‘lsa, unga hech kim e’tibor ham bermas edi…» — dedi u.

Vazir so‘zi davomida hozirda 10 mingta maktabda 6,5 mln o‘quvchi ta’lim olayotganini ta’kidlab, qo‘shimcha ballar kimlarga berilishi mumkinligiga to‘xtaldi.

«Bolaning taqdiri nimaga faqat bir kun bilan hal bo‘lib ketishi kerak? Kelinglar, maktab bitiruvchilarining qanchadir foizini, masalan, 6-sinfdan buyog‘iga yaxshi o‘qigan, xulqi yaxshi bo‘lgan bolalarga (o‘rta arifmetik ko‘rsatkichni qo‘shib — tahr.) beraylik degan vazifa qo‘yildi», — dedi u.

U shuningdek, tanganing ikkinchi tomoni borligiga ham e’tibor qaratdi.

«Bu vazifaning ikkinchi tomoni — ertaga (qo‘shimcha ball olgan bitiruvchilar hajmi — tahr.) juda katta foiz bo‘lib ketadigan bo‘lsa, maktabda qanday qilib potensial korrupsiyaning oldini olamiz, degan masala bor. Ertaga baholarning birdan oshib ketishining oldini qanday olamiz? Shuning uchun bu jarayonlarning hammasini ishlab chiqamiz. Mana, hozir elektron kundalik qilishimizning sababi ham elektron arxiv tursin, deyapmiz. Oxirida mana bu bolani a’lochi qilib chiqarishimiz kerak, deb baholarni tuzatib chiqa olmasligi uchun arxiv bizda tursin», — dedi Sherzod Shermatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon vaqt talab qiladi. «Buning ijobiy va salbiy jihatlarini o‘rganib chiqishimiz kerak. Keyingi yildan bir qismi ishga tushadi. Buni o‘rganishlar yakunida e’lon qilamiz», — dedi xalq ta’limi vaziri.

Shu yilning fevralida muhokamaga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi shuningdek, o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining so‘nggi 6 yilda barcha fanlardan olgan yillik baholarini kiritib borish uchun elektron platforma yaratilishi qayd etilgan edi.

Avvalroq, Vazirlar Mahkamasi qarori maktabdagi ta’lim sifatini oshirish o‘rniga, «sotib olingan» baholar sonining ko‘payishiga olib kelishi mumkin, deya yozgan edi «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilov o‘zining tahliliy мақоласида. Keyinchalik bunga DTM ham o‘z жавобини bildirib o‘tgandi.