Prezident 9 avgust kuni «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, «Mehribonlik» uylari (16 ta, 1 541 nafar bola), Bolalar shaharchalari (4 ta, 236 nafar bola), oilaviy bolalar uylari (5 ta, 46 nafar bola) va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining Bolalar uylarini (13 ta, 506 nafar bola) Milliy gvardiyaga biriktiriladi. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organ «SOS — O‘zbekiston bolalar mahallalari» uyushmasining bolalar mahallalari bilan hamkorlik o‘rnatadi.

Ushbu chora yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish, ularning barkamol avlod sifatida shakllanishi hamda ijtimoiy moslashuvini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilinmoqda.

Milliy gvardiyaga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilmoqda:

  • o‘quv-tarbiya muassasalarining tarbiyalanuvchilarini ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga qaytarish, vasiy yoki homiy tayinlash, farzandlikka berish va joylashtirishning boshqa shakllarini qo‘llash choralarini ko‘rish;
  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni moddiy, huquqiy va psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash;
  • o‘quv-tarbiya muassasalarida sifatli ta’lim va tarbiya jarayonini yo‘lga qo‘yishga, ularning maishiy shart-sharoitlari yaxshilanishiga, shuningdek, tarbiyalanuvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda ularning intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga ko‘maklashish;
  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarni tashkil etish;
  • zamonaviy usul va shakllardan foydalangan holda jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk va dunyoqarashi keng yoshlarni shakllantirish, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni sport turlariga qiziqtirish va jalb etish.

Milliy gvardiya tarkibida tarbiya muassasalari faoliyatini tashkil etishga mas’ul bo‘lgan Milliy gvardiya qo‘mondonining o‘rinbosari lavozimi va Jamoat xavfsizligi universitetida yoshlar bilan ijtimoiy ishlash kafedrasi tashkil etilmoqda.

Oilaviy bolalar uylari va Bolalar uylariga hamda vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) 25 yoshga to‘lmagan yetim bolalarga Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchi va xodimlari biriktiriladi.

Biriktirilgan harbiy xizmatchi va xodimlar vasiylik va homiylik organlari bilan hamkorlikda bir oyda kamida bir marotaba yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar bilan suhbatlar o‘tkazish asosida ularning ta’lim-tarbiya olish ahvolini va maishiy shart-sharoitlarini o‘rganadi.

Xalq ta’limi vazirligi ikki oy muddatda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga tarbiya berish, ularni fan, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik va sport bilan shug‘ullanishlarini tashkil etish bo‘yicha yangi tizimni amaliyotga tatbiq etish vazifasi topshirildi. Qolaversa, o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida ular tomonidan erishilgan natijalarni baholash orqali o‘quv-tarbiya muassasalarining reyting tizimi joriy qilinadi.

O‘quv-tarbiya muassasalari va Toshkent shahridagi Inxa universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, IT-parklar bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatishini ta’minlanadi va ular tomonidan o‘quv kurslari tashkil etiladi.

O‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarini har yili kamida 2 marotaba o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida O‘zbekiston bo‘ylab sayohatga olib chiqish ham rejalashtirilmoqda. Sayohat harajatlari byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, ular uchun yakka kurash, ot sporti, futbol, suzish, tennis, shaxmat kabi sport turlari bo‘yicha sport to‘garaklarini tashkil etiladi.

«Mehribonlik» uylari va Bolalar shaharchalari zarur sport anjomlari (bolalarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratgan holda), 20 tadan zamonaviy kompyuter to‘plami (uzluksiz tezkor Internet tarmog‘iga ulagan holda), tikuvchilik, oshpazlik, qandolatchilik va boshqa sohadagi to‘garaklarni tashkil etishga ixtisoslashgan xonalarning zarur moddiy-texnik bazasi hamda avtobuslar va mikroavtobuslar bilan ta’minlanadi. Bunga mahalliy byudjetlar hisobidan 13,4 mlrd so‘m ajratiladi.

Amaliyotda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka oladigan oilalarda tarbiyalashni rag‘batlantirish amaliyotini joriy etish hisobiga o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanuvchilarni bosqichma-bosqich farzandlikka, vasiylikka oladigan oilalarda tarbiyalashga o‘tkazish choralari ko‘riladi. Senat bolalarning ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lishining sabablarini o‘rganish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish bilan shug‘ullanadi.

O‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining muammolarini o‘rganish hamda hal etish, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish bo‘yicha «Mehr daftari» tizimi hayotga tatbiq etiladi. 1 noyabrdan tizim doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun hokimliklar tomonidan «Mehr daftari»ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sof tushumidan ajratmalar miqdori 5 foizdan 3 foizga pasaytiriladi. Ushbu ajratmalar byudjetga to‘lanadigan soliq va yig‘imlarga tenglashtiriladi, ular soliq organlari tomonidan undiriladi va import qilinadigan alkogol mahsulotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shu tarzda «Mehr daftari»ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari homiylik mablag‘lari, 2022 yil 1 yanvardan boshlab alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sof tushumining 3 foizi miqdoridagi ajratmalar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning ta’lim-tarbiyasi, ularni balog‘atga, turmushga tayyorlash ishlariga mas’ul etib belgilanmoqda.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi har yili kamida ikki marotaba o‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning ijtimoiy holatini o‘rganib boradi. Qolaversa, patronat qizlarni «Mehr daftari»ga kiritib, ularni qiynayotgan masalalarni joyida hal qilishga hamda o‘quv-tarbiya muassasalaridan keyingi hayotida o‘z o‘rnini topishiga har tomonlama ko‘maklashadi.

Xalq ta’lim vazirligi va Milliy gvardiya tavsiyasiga binoan har yili 25 nafar o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyaчилари O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylarda bepul davolanishga yuboriladi.

Hujjatga ko‘ra, Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabi ushbu tumandagi 39-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosiga, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Chinoz tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabi binosiga ko‘chiriladi.

Eslatib o‘tamiz, yuqorida qayd etilganlar prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkentdagi 21-sonli Mehribonlik uyiga tashrifi va undan keyin o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida taklif etilgan edi.