11 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasi, TIV xodimlari va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda oktyabrda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ishtirokini ta’minlash masalasi muhokama qilingan.

TIV matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari mavjud bo‘lgan 38 ta davlatda 54 ta (55 ta dipvakolatxona, O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi bosh konsulxona va BMTdagi vakolatxonada birgalikdagi) statsionar saylov uchastkalari hamda ushbu davlatlarning 128 ta shahrida va diplomatik vakolatxonalar mavjud bo‘lmagan 11 davlatda qo‘shimcha ravishda jami 316 ta ko‘chma saylov punkti tashkil etilishi reja qilingan.

Ta’kidlanishicha, dipkorpus va konsullik muassasalari tomonidan saylovni xorijda yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida, mahalliy hokimiyat, diasporal tashkilotlar hamda o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ko‘p joylashgan korxona rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Diplomatik vakolatxonalardan to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, chet eldagi saylovchilarning birlamchi ro‘yxati shakllantirilgan. Biroq, aniq raqam keltirilmagan.

«Diplomatik vakolatxonalar tomonidan chet eldagi 151 o‘zbek diasporal tashkiloti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Bundan tashqari, vazirlik taklifi asosida O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 34 ta xorijdagi o‘zbek diasporasi bilan chet davlatlarda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston fuqarolarining bandligini ta’minlash va ularning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish sohasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, MSK O‘zbekiston prezidenti saylovi kuni etib 24 oktyabrni belgiladi. Saylov kampaniyasiga esa 23 iyuldan boshlab start berildi.