Germaniyada temir yo‘llaridagi ish tashlash tufayli poyezd qatnovlarining 75 foizi bekor qilindi

Germaniyada GDL temir yo‘l ishchilari kasaba uyushmasining ish tashlashi bo‘lib o‘tmoqda, qatnovlarning faqat to‘rtdan bir qismi amalga oshirilmoqda, deb xabar bermoqda Deutsche Bahn temir yo‘l kompaniyasi. «Shaharlararo poyezdlarga kelsak, biz aloqalarning to‘rtdan bir qismini bajarishimiz mumkin bo‘lgan vaqtinchalik reja bor. Biroq bu vaziyatda biz barcha sayohatchilar o‘z manzillariga yetib borishiga kafolat bera olmaymiz», deya qayd etadi kompaniya.

Xabarda aytilishicha, ish tashlash «shaharlararo poyezdlar va mintaqaviy yo‘nalishlarda katta cheklovlarga» olib kelgan. Bu harakat Berlinning S-Bahn poyezd tizimiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ish tashlash 13 avgust, juma kuni soat 2:00 gacha davom etadi.


Jazoirda o‘rmon yong‘inlari oqibatida 40 dan ortiq odam halok bo‘ldi

Jazoir poytaxti sharqidagi o‘rmon yong‘inlarida kamida 25 nafar jazoirlik askar va 17 nafar fuqaro halok bo‘ldi. «Yonayotgan olovdan yuzdan ortiq fuqaroni muvaffaqiyatli qutqargan Xalq milliy armiyasining 25 askari shahid bo‘lgani haqidagi xabarni katta qayg‘u bilan qabul qildim», — dedi Jazoir prezidenti Abdelmajid Tebun.

Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inlarni o‘chirish vaqtida 11 nafar askar jarohat oldi. Bosh vazir Ayman ibn Abdurrahmonning ta’kidlashicha, Kabiliya provinsiyasida sodir bo‘lgan yong‘inlar «juda sinxronlashtirilgan» bo‘lib, «bu jinoyat harakatlari ekanligini ko‘rsatmoqda». Avvalroq, ichki ishlar vaziri Kamel Beljud yong‘inlar, ehtimol, odamlarning harakatidan kelib chiqqanini aytgan edi. O‘rmon yong‘inlari mamlakatning 14 viloyatida qayd etilgan, shundan 10 tasi Tizi-Ouzu provinsiyasida. — BBC News.

Shuningdek: Rossiyaning Yakutiyadagi o‘rmon yong‘inlarining tutuni Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonga yetib keldi, shahar ustidagi havoda azot dioksidining miqdori me’yoridan oshib ketdi, deb xabar berdi «Kazgidromet» matbuot xizmati. 7 avgust kuni yakut yong‘inlarining tutuni Pavlodar va viloyatning ayrim hududlarini qamrab olgan edi.


Afg‘oniston mojarosi bo‘yicha so‘nggi yangiliklar

  • «Tolibon» jangarilari Badaxshon viloyati ma’muriy markazi — Fayzobod shahrini egallab oldi. Badaxshon viloyatida 27 tumanning 25 tasi toliblar nazoratiga o‘tdi. Shuningdek, 10 avgust kuni toliblar Farah va Puli-Xumri shaharlariga — Farah va Bag‘lon provinsiyalarining ma’muriy markazlariga kirdi. Avvalroq, toliblar Puli-Xumri shaharini egallab olgani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq, TASSning «Xama Press»ga tayanib xabar berishicha, hukumat armiyasi Badaxshon va Bag‘lon viloyatlarini toliblardan ozod qildi. Farah provinsiyasi markazi Farah shahri toliblar nazoratiga o‘tdi. Shuningdek, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va sobiq vitse-prezident, marshal Abdul-Rashid Do‘stum Tolibonga qarshi kurashni tashkil etish uchun Mozori-Sharifga kelgani aytilmoqda. Hozirda Afg‘oniston janubidagi Qandahor va Gilmand viloyatlarida og‘ir janglar davom etmoqda.
  • Niderlandiya va Germaniya afg‘on qochqinlarini vaqtincha deportatsiya qilmaslikka qaror qilishdi. Niderlandiyada ushbu taqiq 6 oy davom etadi.
  • Qunduz provinsiyasidagi aeroportda joylashgan yuzlab askarlar, politsiya va qarshilik kuchlari barcha aslahalari bilan «Tolibon»ga taslim bo‘ldi.
  • Hindiston hukumati Afg‘onistondagi hind fuqarolariga tijorat reyslari to‘xtatilmasdan zudlik bilan o‘z vataniga qaytishni tavsiya qildi. Tavsiya Afg‘onistonda iqtisodiy obyektlar qurilishida ishtirok etayotgan hind kompaniyalari xodimlariga, shuningdek, bu mamlakatdagi hind jurnalistlariga tegishli.
  • Afg‘onistondagi harbiy kampaniya davomida amerikalik qo‘shinlarga yordam bergan mingga yaqin afg‘onistonlik maxsus immigratsiya dasturi bo‘yicha AQShga evakuatsiya qilinib bo‘ldi.
  • Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» Tojikiston va O‘zbekiston bilan chegara hududlarini nazoratga oldi, lekin qo‘shni davlatlarga hujum qilmaslikka va’da bergan. Vazir, shuningdek, Rossiya Afg‘onistondan kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni qaytarishga tayyor bo‘lishi uchun Markaziy Osiyo davlatlari armiyasini modernizatsiya qilishga yordam berayotganini ta’kidladi.

Shuningdek:

  • Ukrainada koronavirus pandemiyasi tufayli joriy qilingan karantin 1 oktyabr qadar uzaytirildi.
  • Belarus TIV Amerika tomoniga 1 sentyabrga qadar Minskdagi AQSh elchixonasi xodimlari sonini besh kishiga yetkazishni taklif qildi.
  • Sent-Lyusiya hukumati Lima guruhidan chiqishga qaror qildi. Yangi hukumat «boshqa davlatlar bilan buzilgan munosabatlarni tiklash» niyatida.

Lima guruhi 2017 yil 8 avgustda Peru poytaxtida tashkil etilgan bo‘lib, unda 12 davlat (Argentina, Braziliya, Gvatemala, Gonduras, Kanada, Kolumbiya, Kosta-Rika, Meksika, Panama, Paragvay, Peru va Chili) vakillari Nikolas Maduro tashabbusi bilan referendumsiz chaqirilgan Venesuela Konstitutsiyaviy Assambleyasini tan olmaslik to‘g‘risidagi qo‘shma shartnomani imzoladilar. Guyana va Sent-Lyusiya keyinchalik guruhga qo‘shilishdi.

  • Xiaomi CyberDog nomli robot-itning versiyasini taqdim etdi. CyberDog tiraji 1000 ta nusxani tashkil qiladi. Uning Xitoydagi narxi 1,5 ming dollarga teng bo‘ladi.

Foto: The Verge