O‘zbekiston va Tojikiston Germaniyadan rivojlanayotgan mamlakatlarga yetkazib berilishi va’da qilingan koronavirusga qarshi vaksinalarni oladi. Bu haqda 9 avgust kuni Berlinda GFR hukumati rasmiy vakili Ulrike Demmer ma’lum qildi, deya yozmoqda Deutsche Welle.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentga 355,2 ming doza, Dushanbega esa 100,8 ming doza beriladi. Shuningdek, Sudan (357,6 ming), Efiopiya (271,2 ming) va Afg‘oniston (213,6 ming) ham vaksina oladi.

GFRning yil oxiriga qadar 30 mln doza vaksinani birinchi navbatda rivojlanayotgan mamlakatlarga taqdim etish to‘g‘risidagi qaror 21 may kuni Rimda bo‘lib o‘tgan Sog‘liqni saqlash bo‘yicha global sammitda qabul qilingan edi.

Vaksinalar ular litsenziyalanib, ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng dunyo mamlakatlarining xavfsiz va samarali tarzda undan foydalana olishlariga chaqiruvchi COVAX global mexanizmi doirasida yetkazib berilmoqda. Mazkur tashabbus Epidemiyalarga tayyorgarlikni ta’minlash sohasida innovatsiyalar koalitsiyasi (CEPI), Vaksinalar va immunizatsiya global alyansi (GAVI) hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.

Gap Berlin London bilan tuzilgan shartnomalar doirasida olgan Britaniya-Shvetsiya hamkorligida ishlab chiqarilayotgan AstraZeneca preparatlari haqida ketmoqda, deya aniqlik kiritdi DW.

Ulrike Demmerning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalar JSST va GAVI baholariga ko‘ra, emlash zaruriyati yuqori bo‘lgan va tegishli preparatlar emlash kampaniyasi doirasida tezkorlik bilan foydalanishi mumkin bo‘lgan davlatlarga taqdim etilmoqda.

8 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 10 mln dozadan ziyod vaksina qo‘llanilgan. 6,8 million kishi birinchi, 2,3 million kishi ikkinchi, 887,9 ming kishi esa uchinchi doza vaksinani olib ulgurdi. 1,3 milliondan ziyod kishi to‘liq vaksinatsiya kursidan o‘tdi.

6 avgust kunidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda vaksinalar zaxirasi 14,58 million dozaga yetdi. Bugungi kunga qadar 10,5 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi keltirildi. Bundan tashqari, 3 million doza Amerikaning Moderna, 710 ming doza AstraZeneca va 370 ming doza Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi olib kelingan.