9 avgustdan bir hafta davomida O‘zbekistondagi barcha emlash punktlarida xitoy-o‘zbek vaksinasining faqat birinchi dozasi bilan emlash ishlari amalga oshirilishi, shu muddat ichida vaksinaning ikkinchi va uchinchi bilan emlanilmasligi haqida yozgan edik.

Buning ortidan aholi orasida «bu xavfsizmi» degan savol tug‘ila boshladi. Innovatsion rivojlanish vazirligi Axborot xizmatining rasmiy bayonotida bu vaksinatsiya jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi ma’lum qilindi.

«Emlashning qisqa muddatli kechiktirilishi birinchi yoki ikkinchi dozadan keyin vaksina tufayli organizmda hosil bo‘ladigan antitanalar miqdoriga yoki boshqa ko‘rsatkichlarga ta’sir ko‘rsatmaydi», — deyiladi xabarda.

Ilmiy-tadqiqotlar hamda ko‘p sonli aholi o‘rtasidagi ommaviy emlashning dastlabki natijalariga ko‘ra, Xitoy dori vositalarini nazorat qilish agentligi (CDC) tomonidan vaksinaning 1-dozasi va 2-dozasi o‘rtasidagi oraliqni 2 oygacha cho‘zishga, ikkinchi va uchinchi dozalar oralig‘ini esa 3 oygacha cho‘zishga ruxsat berilgan. Ushbu amaliyot Xitoyda joriy qilingan, deya ta’kidlashdi Innovatsion rivojlanish vazirligida.

Ma’lumotlara ko‘ra, hozirda Xitoyda ZF-UZ-VAC2001 vaksina bilan 0, 2, 6 oy sxemasida 140 mln kishi emlangan.

«Tadqiqotlar ikkinchi va uchinchi dozalar oralig‘idagi vaqtning uzayishi ko‘proq antitanalarning hosil bo‘lishi va u ko‘proq muddat davomida saqlanib qolishiga zamin yaratishini tasdiqlamoqda», — deya Biorxiv saytidagi мақолага tayangan holda ishontirmoqda vazirlik.

ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasini ishlab chiqaruvchilar tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ikkinchi va uchinchi doza o‘rtasidagi vaqt intervalini oshirish koronavirusning turli shtammlariga nisbatan neytrallashuvchi titrlarining oshishiga olib keladi.

O‘zbek-xitoy vaksinasini faqat 1-doza bilan emlashga ko‘rsatma berilishi tufayli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «vaksinaning aholi bilmaydigan qandaydir nojoiz ta’siri chiqqani» to‘g‘risidagi taxminlar yoki «vaksina yetishmas ekan» degan mish-mishlar asossiz, deyiladi xabarda.

«Agar vaksinaning nojo‘ya ta’siri aniqlanganida, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan aholi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1-dozasi bilan emlanishiga ruxsat berilmagan bo‘lar edi. Qolaversa, joriy yilning 5−6 avgust kunlari 2 mln.doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi yurtimizga olib kelindi va shu oyning ichida yana 2 mln doza olib kelinadi. Hukumat tomonidan O‘zbekistonda ikki turdagi vaksinani, jumladan, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda va avgust oyining oxiriga qadar bu ishlar yo‘lga qo‘yiladi», — deya qo‘shimcha qilingan vazirlik bayonotida.