Dushanba, 9 avgust kuni Toshkent xalqaro aeroportida Toki-2020 Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirning eng asosiy voqealari “Gazeta.uz” fotoreportajida.

O‘zbekiston delegatsiyasining yarmi belgilangan marosimdan avvalroq kelgani ma’lum bo‘ldi.


Olimpiadada medal olgan sportchilar va delegatsiyaning boshqa a’zolari esa alohida samolyotda Toshkent aeroportiga kelib qo‘nishdi.


Samolyot o‘z belgilangan vaqtidan biroz kechikdi. O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarini kutib olish uchun qizil yo‘lak tashkil etildi.



Qizil yo‘lak atrofida sportchilarni kutib olish uchun jalb qilingan qizlar esa biroz charchab, dam ham olishdi. Shuningdek delegatsiya vakillari samolyotdan chiqishganida chalingan karnay-surnay egalari ham biroz dam olib turishdi.


Samolyotdan dastlab boks bo‘yicha superog‘ir vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan Bahodir Jalolov O‘zbekiston bayrog‘ini qo‘lida ko‘tarib chiqib ketdi.



Yengil atletikachi Safina Sadullayeva.

Sportchilarni aeroportga kirishda avvalo ularning ota-onalari hamda Bosh vazir Abdulla Aripov hamda Senat raisi Tanzila Narbayeva kutib oldi. Shuningdek, ushbu marosimda Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham ishtirok etdi.

Chapdan o‘ngga: Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, bosh vazir Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Narbayeva, prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov. Foto: MOQ.

Bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov.

Aeroport ichida esa sportchilar o‘z yaqinlari bilan ko‘rishishdi va ommaviy axborot vositalariga intervyular berishdi.

Taekvondochi Nigora Tursunqulova, Olimpiada o‘yinlarining bronza medali sohibi Bekzod Abdurahmonov va uning onasi. Foto: MOQ.

Og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiada chempioni Akbar Jo‘rayev.

Jahon gimnastikasi afsonasi, 8 marta Olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi Oksana Chusovitina.

Boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari chempioni Bahodir Jalolov.

Qayd etish joiz, O‘zLiDeP raisi Akmal Hayitov Olimpiya o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan sportchilarga o‘zbekona zar chopon kiydirdi.

O‘zLiDeP raisi Akmal Hayitov va Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sohibi, dzyudochi Davlat Bobonov.

Tadbirning asosiy qismi aeroport tashqarisida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari, hukumat vakillari, sportchilarning ota-onalari, OAV xodimlari ishtirok etdi.


Tadbirda Senat raisi Tanzila Narbayeva so‘zga chiqib, sportchilarni hamda butun O‘zbekiston xalqini medallar bilan qutladi.


Bosh vazir Abdulla Aripov Tokiodagi Olimpiada o‘yinlarida o‘zbekistonlik bokschilarga nisbatan adolatsizlik bo‘lganligini ta’kidladi. “Shu yoshga kirib, hech qachon bunaqangi adolatsiz hakamlikni ko‘rmaganman… Ularning maqsadi bokschilarimizning irodasini sindirish edi”, — dedi u.



Tadbirda Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashitov hamda Akbar Jo‘rayevlar so‘zga chiqishdi. Keyinroq esa Bahodir Jalolov hamda Ulug‘bek Rashitovning onasi so‘zga chiqib, barchani ushbu yutuqlar bilan qutladi.

Taekvondo sport turi bo‘yicha Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashitov.

Olimpiada chempioni Bahodir Jalolovning onasi. Foto: MOQ.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova tadbirda qo‘shiq aytib, sportchilarning onalarini tabrikladi.


Shundan so‘ng barcha Milliy Olimpiya binosi tomon maxsus avtobuslarda yo‘l oldi.



Milliy Olimpiya binosida sovrindor sportchilarga “Prezident sovg‘asi” topshirildi.


Olimpiya o‘yinlarida oltin medal olgan sportchilar — Bahodir Jalolov (boks), Ulug‘bek Rashitov (taekvondo) va Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika)ga 4 sotixli 3 xonali kottedj va Tahoe mashinasi topshirildi. Shuningdek, prezident farmoni bilan ularning har biriga 200 ming AQSh dollari mukofot puli berildi.


Shuningdek, bronza medali sohiblari — Davlat Bobonov (dzyudo) va Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash)ga 2 xonali uy va Trailblazer avtomobillari berildi. Ushbu sportchilarga prezident farmoni bilan 50 ming AQSh dollaridan pul mukofoti topshirildi.


Tadbir so‘nggida “Prezident sovg‘asi” bilan mukofotlangan sportchilar avtomashinalari qator bo‘lib, o‘z xonadonlari tomon yo‘lga chiqishdi.

Video