Avvalroq, prezident yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etishga oid qarorni imzolagani haqida yozgan edik.

Mazkur hujjat bilan yetim bolalarning ta’lim olishini rag‘batlantirish chora-tadbirlari ham belgilanmoqda:

  • tarbiya muassasalaridagi bolalarga nodavlat ta’lim tashkiloti o‘quv kurslarida (xorijiy til, oliy ta’limga tayyorgarlik uchun 2 tagacha fan, kasb-hunar va kompyuter savodxonligi) o‘qish xarajati uchun yiliga 4,9 mln so‘mdan kompensatsiya (2021 yilda 2 234 nafar bolaga 11 mlrd so‘m) to‘lanadi;
  • bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, shuningdek, vasiylikka (homiylikka yoki patronatga) olingan 25 yoshdan oshmagan yetim bolalar «Mehribonlik» uyi va Bolalar shaharchasi bitiruvchilari uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotadan foydalanadi;

2019/2020 o‘quv yilida 1 405 ta kvota ajratilgan bo‘lib, 336 nafar chin yetim hujjat topshirgan, ularning 81 nafari talabalikka tavsiya etilgan.

Yangi tizim bo‘yicha kvotadan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan yetimlar soni 563 nafardan 6,2 ming nafargacha (11 baravarga) oshishi kutilmoqda. Ularga shuningdek, Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan 50 foizga oshirilgan miqdorda stipendiya (amaldagi 470 ming so‘mdan 705 ming so‘mga oshirib) to‘lanadi.

Texnikum, kollej yoki oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan yetim bolalarga o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish uchun bir yilda bir marta 1,2 mln so‘m miqdorda subsidiya beriladi.

2021 yilda 523 nafar yetim bolaga kitob xarid qilish uchun davlat byudjetidan 641 mln so‘m subsidiya to‘lanadi.

«Mehribonlik» uylari va bolalar shaharchalariga 2 ta psixolog shtati ajratiladi (respublika bo‘yicha qo‘shimcha shtat soni 8 ta, xarajat miqdori 243 mln so‘m).

«Mehribonlik» uylariga yoki yetim bolalarga ajratilgan xayriya mablag‘lari foyda solig‘i bazasidan chegiriladi.

Tadbirkorlar 2019−2020 yillarda 10 mlrd so‘m xayriya mablag‘lari ajratgan, ushbu xarajatlarga 1,5 mlrd so‘m soliq hisoblangan.

Farzandlikka yoki vasiylikka olingan yetim bolalar davlat bog‘chalari va maktablariga navbatsiz joylashtiriladi.

Yetim bolalarni kasbga o‘qitish hamda ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha quyidagilar belgilanmoqda:

  • yetim bolalar Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Ishga marhamat» monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida kasb-hunarga o‘qitiladi.
  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yetim bolalar monomarkazlarda o‘qishni tamomlagandan so‘ng kafolatlangan ish joyi bilan ta’minlash vazifasi yuklatilmoqda;
  • Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida vazirlik va idoralar tarbiya muassasalarida 1 yilda kamida 1 marotaba taqdimotlar o‘tkazadi.

Nogironligi bo‘lgan yetim bolalarni vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan oilalarga to‘lanadigan to‘lovlar 2,5 mln so‘mga yetkaziladi. Sog‘lom yetim bolalarni vasiylikka va homiylikka olganlik uchun 1,2 mln so‘m miqdorida har oylik moddiy yordam to‘lanadi. Yil yakuniga qadar 500 nafar bolaga 3,6 mlrd so‘m to‘lab beriladi.

Yetim bolalar va ularni o‘z qaramog‘iga olgan fuqarolarga hududiy adliya organlari huzuridagi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan bepul yuridik xizmat ko‘rsatiladi.

Yetim bolalarning xorijiy davlatlarda jarrohlik amaliyoti xarajatlari to‘liq kompensatsiya qilinadi. 8 nafar bolaga kompensatsiya Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasal bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasidan to‘lanadi.

Texnikum, kollej, oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan yetim bolalar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish yoshi 18 yoshdan 23 yoshga oshirilmoqda. Shu yili 9746 nafar bolaga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini to‘lash uchun byudjetdan 21,5 mlrd so‘m miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.