13 avgustdan e’tiboran masjidlarning barcha ishchi va xodimlari (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat’i nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikatiga ega bo‘lgan taqdirda ushbu masjidlarda juma namozini o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Tegishli qaror aholiga diniy ibodatlarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita taklifiga binoan Respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilindi.

Masjidlarga juma namozini o‘qish uchun koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud bo‘lgan (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lganlar bundan mustasno) tashrif buyuruvchilar kiritiladi.

Respublikada faoliyat yuritayotgan boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlarga ham mazkur tartibni tatbiq etishni tavsiya qilindi.

Shu bilan birga diniy ibodatlarni ado etish jarayonida tashrif buyuruvchilar tomonidan tibbiy niqobda bo‘lish hamda ijtimoiy masofani saqlash bo‘yicha karantin cheklovlariga qat’iy rioya etilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekistonda pandemiya munosabati bilan 16 iyuldan beri juma namozlari o‘qilishi vaqtincha to‘xtatilgan edi. O‘shanda Qurbon hayiti namozi ham ado etilmasligi, uning o‘rniga uyda Zuho namozini o‘qish tavsiya etilgani haqida yozgan edik.