Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 avgust kuni iste’molchilarni neft va gaz resurslari bilan barqaror ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning birinchi yarmida tabiiy gaz qazib olish va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bo‘yicha erishilgan natijalar tanqidiy muhokama qilindi.

Prezident soha mutasaddilariga iste’molchilar manfaatlarini yuqori qo‘yish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga tabiiy gaz, suyultirilgan gaz hamda neft mahsulotlarini zarur miqdorda yetkazib berish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berdi.

Xususan, ikkinchi yarim yillikda 32 milliard kub metr tabiiy gaz resurlari balansini ta’minlash, ayniqsa, kuz-qish mavsumida tizimni barqaror ishlatish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun har bir kon kesimida aniq chora-tadbirlarni belgilab, iste’molchilarga uzluksiz yetkazib berish, xorijiy va qo‘shma korxonalar salohiyatidan ham unumli foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Geologik-texnik tadbirlarni bajarishga tajribali pudratchilarni, ishlatilmasdan turgan konlarga tanlov asosida investorlarni jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ikkinchi yarim yillikda 457 ming tonna, yil yakuni bilan 850 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ta’minlab, aholi ehtiyojlarini to‘liq qondirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi aytib o‘tildi.

Iqtisodiyotning o‘sish sur’atlari va yangi gaz-kimyo loyihalari ishga tushirilishi inobatga olinib, kelgusi 5 yilda tabiiy gazga bo‘lgan talab ortishi hisob-kitob qilingan. Davlat rahbari bu yillar uchun zarur tabiiy gaz resurslarini shakllantirish maqsadida hozirdan aniq rejalarni ishlab chiqish, energetika sohasini raqamlashtirish kerakligini ta’kidladi.

Buning uchun sohada geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va mineral xomashyo bazasini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«Neft va gaz sohasida islohotlar bo‘yicha ko‘p-ko‘p qarorlar qabul qildik. Yangi rahbariyat qo‘ydik, transformatsiya bo‘yicha birinchi qadamlarni qo‘ydik. Neft va gaz resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar nimalardan iboratligi belgilandi. Juda katta izlanishlar hozirgi talab nuqtai nazaridan o‘z natijalarini bermayapti», — deya ta’kidladi prezident («O‘zbekiston 24» telekanali syujetiga binoan).

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning o‘zida O‘zbekiston 917 million kub metr gaz import qilgan.

«Bu juda katta raqam. Ikkinchidan, bu import qilganimizni pul to‘lab olib kelyapmiz, valyutaga olib kelyapmiz. Bu nima bo‘ladi kelajakda? Uch yilda mana shu 1,4 mlrd dollar bergan pulimiz (katta ehtimol bilan, xorijiy kreditlar haqida gap ketmoqda — tahr.) o‘z natijasini bermayapti. Svet bo‘yicha, ayniqsa gaz bo‘yicha odamlar bizdan juda norozi», — dedi davlat rahbari.

2020 yilda O‘zbekiston 50,4 mln dollarlik gaz import qilgan, bu 2019 yilga nisbatan 237 marotaba ko‘proq.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 10,8 mlrd kubometrga yoki 17,8 foizga, ya’ni 60,5 mlrd dan 49,7 mlrd kubometrgacha kamaydi. 2021 yilda ishlab chiqarish hajmini 53,8 milliard kub metrga yetkazish topshirig‘i berilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning dekabrida O‘zbekiston gaz ta’minotida sutkasiga 20 million kub metr gaz tanqisligi mavjudligini ma’lum qilgan edi. U gaz eksportini qisqartirib, buning evaziga 7−8 million kub metr gazni aholi ehtiyojiga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

2021 yilgi Davlat dasturiga ko‘ra, suyultirilgan gaz importi uchun belgilangan bojxona boji va uni import qilish uchun talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni bekor qilish nazarda tutilgan. 1 avgustdan boshlab yirik korxonalarga elektr energiyasi va tabiiy gazni import asosida sotib olish huquqi berilishi ko‘zlangan edi.