BMT afg‘on tomonlarini o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining gumanitar koordinatori Martin Griffits afg‘on tomonlarini o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. «Afg‘onistonlik bolalar, ayollar va erkaklar har daqiqa xavf va qiyinchilikda yashamoqdalar. Gilmand, Qandahor va Hirot viloyatlaridagi hujumlar oxirgi bir oy ichida kamida ming kishining o‘limiga olib keldi», — deydi Griffits. Unga ko‘ra, gumanitar tashkilotlar Afg‘onistonda o‘z faoliyatini davom ettiradi va afg‘on xalqiga yordam berishni to‘xtatmaydi.

YUNICYeF ham Afg‘onistondagi vaziyat keskin yomonlashayotganini qoralab, bolalar halok bo‘layotganini ta’kidladi. «Oxirgi 72 soat ichida Qandahor viloyatida kamida 20 bola halok bo‘ldi va 130 bola yaralandi, Xostda ikki bola (halok bo‘ldi), Paktiya viloyatida besh nafar o‘ldirildi va uch nafari yaralandi», deya xabar bermoqda tashkilot. — BMT.

Shuningdek: AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod Dohaga jo‘nab ketdi, u yerda mintaqa davlatlari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilish yo‘llarini muhokama qiladi, deya xabar beradi AQSh Davlat departamenti. «Xalilzod «Tolibon»ga bosim o‘tkazib, ularning harbiy hujumni to‘xtatishi va siyosiy kelishuvga kelish uchun muzokaralar olib borishiga erishadi. Bu Afg‘onistonda barqarorlik va taraqqiyotning yagona yo‘li», — deyiladi xabarda.


Eron Tehron oldidagi qarzini to‘lamagan Buyuk Britaniyani javobgarlikka tortmoqchi

Bu haqda TASS Eron TIV rasmiy vakili Said Xatibzodaning bayonotiga tayanib xabar bermoqda. «Bu masala har doim kun tartibida bo‘lib kelgan va biz Buyuk Britaniyani qarzlarini to‘lamaganligi uchun javobgarlikka tortamiz», — dedi Xatibzoda. TIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, «shu paytgacha Britaniyaning turli hukumatlari yolg‘on bahonalar bilan qarzlarini to‘lamagan». «Buyuk Britaniya Eronga 40 yildan ko‘proq qarzdor edi va Britaniya sudi buni tasdiqladi», deya qo‘shimcha qildi u.

2012 yilda BMT Xalqaro sudi Buyuk Britaniya bekor qilingan shartnoma uchun Eronga 400 mln funt sterling (taxminan 480 mln dollar) to‘lashi kerak, deya hukm chiqardi. Buyuk Britaniya shartnoma bo‘yicha «Chiften» tanklarini Eronga yetkazib bera olmagan edi. Buyurtma Shoh rejimi davrida berilgan bo‘lib, 1979 yildagi islom inqilobining g‘alabasi tufayli London avans to‘lovi qilingan bo‘lsa-da, shartnomani bajarishdan bosh tortdi. Buyuk Britaniya bu pulni to‘lov kafolati sifatida sud ixtiyoriga qo‘ydi, lekin Eron Mudofaa vazirligi xalqaro sanksiyalar ostida ekanini hisobga olib, na qarzni qaytarishi, na hech bo‘lmaganda foizini to‘lay olmasligini ma’lum qildi. Hozirda Eron sanksiyalar ostida bo‘lmagan mamlakat markaziy bankiga mablag‘ o‘tkazishni taklif qilmoqda.


Suriya hukumati mamlakat hududining 90 foizini nazorat qilmoqda — Rossiya mudofaa vaziri

«Biz u yerga kirganimizda, Suriya hududining atigi 12 foizi Suriya hukumati nazorati ostida edi. Bugungi kunda 90 foizdan oshmoqda va u yerdagi hayot asta-sekin tiklanmoqda», — dedi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu.

Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasi 2015 yil 30 sentyabrdan buyon o‘tkazilmoqda. — Interfaks.


AQSh Adliya vazirligi 11 sentyabr voqealariga oid bir qator maxfiy hujjatlarni oshkor qilishi mumkin

AQSh Adliya vazirligi hukumat tomonidan maxfiylashtirilgan 2001 yil 11 sentyabr voqealari bilan bog‘liq hujjatlarni qayta ko‘rib chiqadi. Bu haqda mamlakat prezidenti Jo Bayden aytib o‘tdi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, uning ma’muriyati «qonun doirasida maksimal darajada oshkoralik"ka sodiqdir. Bu borada, AQSh rahbari Adliya vazirligining maxfiylashtirilgan hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish bo‘icha qarorini olqishlayotganini ta’kidladi.

Avvalroq, 1,8 mingga yaqin amerikaliklar, shu jumladan 11 sentyabr voqealarida qurbon bo‘lganlarning qarindoshlari Baydenga maktub yo‘llab, voqeaning siri oshkor qilmaguncha, prezidentni fojianing 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashmaslikka chaqirishdi. Murojaat mualliflari bu hujjatlarda Saudiya Arabistoni rahbarlarining voqeaga aloqadorligini isbotlovchi dalillar borligiga ishonishmoqda. Bundan tashqari, amerikaliklar Bayden prezidentlikka nomzod bo‘lganida, bu borada iloji boricha ko‘proq ma’lumotlarni oshkor qilishga va’da berganiga e’tibor qaratishdi.


Shuningdek:

  • Robert Kox instituti mutaxassislari Germaniyada koronavirusga qarshi emlash kampaniyasining dastlabki olti oyida 38,000 dan ortiq o‘limning oldini oldi.
  • Rossiyaning uchta kompaniyasi AQSh sanksiya ro‘yxatiga kiritildi. Cheklovlar Eron, Shimoliy Koreya va Suriyaga ommaviy qirg‘in qurollari tarqatilmasligi to‘g‘risidagi qonun doirasida joriy etildi. Rossiya kompaniyalaridan biri O‘zbekiston korxonalariga uskunalar yetkazib beradi.
  • Latviya hukumati Belarus bilan chegara hududida favqulodda rejim joriy etdi.
  • Afg‘onistonda xavfsizlik sohasida vaziyat yomonlashgani sababli Eron va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aloqalari butunlay to‘xtatildi.
  • Portugaliya 12−15 yoshda bo‘lgan o‘smirlarni koronavirusga qarshi emlashga ruxsat berdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda shu yoshdagi o‘smirlar soni 400 mingga yaqin. Yevropaning YeMA regulyatori 12 yoshdan oshgan o‘smirlar uchun Pfizer/Biontech va Moderna vaksinalarini tavsiya qildi.
  • Gruziyada koronavirus bilan kasallanish holatlarining ko‘payishi tufayli niqob taqish rejimi qayta joriy etildi.