IIV YHXBB boshlig‘i Olimjon Saidov “UZB”, “AAA” kabi seriyali davlat avtomobil raqamlari ochiq savdoda sotilayotganligini ta’kidladi.

“Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, avtomobillar uchun 327 juft davlat raqamlari belgilari olti toifaga ajratilib, auksion orqali sotish yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali davlat raqamlari bilan bog‘liq korrupsion omillarga barham berildi”, — deydi u.

Ta’kidlanishicha, “UZB” yoki “AAA” kabi seriyali davlat avtomobil raqamlari biror bir tashkilot yoki muayyan shaxslarga biriktirilmagan.

“Ushbu davlat raqamlari — ochiq savdoda bo‘lgan davlat raqam belgilari hisoblanadi. Masalan, „AAA“ va „UZB“ seriyali davlat raqamlari 2017 yildan buyon 36 million so‘mga sotilyapti, hozirda 50 dona raqam qolgan, bemalol murojaat qilishingiz mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi Olimjon Saidov.