«Gazeta.uz» mutaxassislarga koronavirusga qarshi emlanish bo‘yicha asosiy savollarni berishda davom etmoqda.

Molekulyar genetik, biotexnolog, biologiya fanlari doktori va O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari Alisher Abdullayev organizm kasallikni «eslab» qoladigan bo‘lsa, koronavirusdan tuzalgan odam nega unga qarshi emlanishi kerakligi haqida gapirib berdi.

— Emlanishdan keyin tanada antitanachalar paydo bo‘lmasligi mumkinligi, ammo bizning xotira hujayralarimiz organizmning «qurollanganligi»ni eslab qoladi, degan fikrga qo‘shilasizmi?

— Ha, qo‘shilaman.

— Ushbu xotira hujayralari koronavirusga chalinganlikdan so‘ng shakllana boshlaydimi?

— Albatta.

— Unday bo‘lsa, nima sababdan koronovirusga chalinib, tuzalgan odam vaksina olishi lozim? Axir ularning organizmi virusga to‘qnash kelganini eslaydi-ku.

— Bu ko‘proq immunolog va virusologlarning vakolat doirasiga kiradi. Men shuni aytishim mumkinki, hatto koronavirusga chalinib, undan tuzalgan odamlarga ham emlanish lozim, chunki immunitetni doim rag‘batlantirib turish kerak. Koronavirus hali to‘liq o‘rganilmagan. Immunitet kasallikdan keyin odamni aynan qancha vaqt himoya qilishini bilmaymiz.

Agar siz bir yil oldin koronavirus bilan kasallangan bo‘lsangiz, siz yana unga chalinishingiz ehtimoli bor. Hattoki, kasallik o‘rta og‘irlikda kechishi ham mumkin, chunki virus doimiy mutatsiya jarayonida va har bir insonning immuniteti tashqi omillar (nosog‘lom turmush tarzi, stress, toliqish va h.k) bilan birgalikda uning genetik xususiyatlari bilan belgilanadi. Agar emlanishdan keyin yetarli darajada antitanachalar paydo bo‘lgan bo‘lsa, kasallikni siz deyarli yuqtirmaysiz yoki alomatlarsiz, yengil shaklda o‘tkazasiz.

Buni sport bilan shug‘ullanishga o‘xshatish mumkin. Agar siz mashg‘ulotlarni to‘xtatib qo‘ysangiz, tanaffusdan so‘ng bir yil oldin bajaragan mashqlarni takrorlay olmasligingiz mumkin.

Organizmni 10−20 yil mobaynida, hatto bir umr ham himoya qiluvchi vaksinalar mavjud. Lekin koronavirus bilan holat boshqacha, bu yangi virus va domiy mutatsiyaga uchraydi. Vaksinalar ushbu mutatsiyalarni inobatga olgan holda ishlab chiqarilmoqda.

T-hujayrali immunitet limfotsitik tizimda shakllanadi. B-hujayrali immunitetning titri yo‘q bo‘lgan odamlar bor, ya’ni ularda antitanchalar umuman yo‘q, lekin ular kasallikka chalinmaydi, chunki ularning T-hujayrali immuniteti kasallikni yengib o‘tishga qodir. Bu har bir insonning immun tizimiga xos xususiyatdir.

— Lekin vaksina ham oxirigacha o‘rganilmagan. Axir siz aytgan T-xujayrali immunitetni emlashdan keyin qancha muddatga yetishini bilmaymiz.

— Ha. Hozirgi kunda koronavirusga qarshi qo‘llanilayotgan vaksinalarning hech biri to‘liq o‘rganilmagan. Uzoq muddatli ta’siri haqida hech narsa bilmaymiz. Shuning uchun ba’zi hollarda qaytadan emlanish kerakligini aytishmoqda.