Bugun, 9 avgust kuni «Global Jewish Assistance and Relief Network» (AQSh) jamg‘armasi tomonidan beg‘araz yordam sifatida taqdim etilgan tibbiy niqoblarining birinchi qismi O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi va Isroildagi elchixonasi hamkorligida Toshkentga yetkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Umumiy qiymati 330 ming dollardan ziyod bo‘lgan qariyb 270 ming dona tibbiy niqoblarning 134 ming 400 donasi bugun O‘zbekistonga olib kelindi.

Shu kunga qadar pandemiyaga qarshi kurash doirasida jamg‘arma Rossiya, Ukraina, Belarus va Moldovaga 200 million AQSh dollaridan ziyod miqdordagi gumanitar ko‘mak yuborgan.

«O‘zbekiston men juda qadrdon mamlakat. Ota va onam Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan. Ular Toshkent shahrida tanishgan va turmush qurgan. Qiyin pallada ota-onamga boshpana bergan O‘zbekiston va uning mehmondo‘st, bag‘rikeng xalqiga butun oilamiz nomidan minnatdorlik bildiraman. O‘zbek xalqining chin insoniy tuyg‘ulari natijasida urush yillarida yashashdan butun umidini uzgan minglab insonlar, jumladan, ota-onamga omon qolish nasib etgan. Men ushbu xayriya ko‘magini o‘zbek xalqi oldidagi o‘z burchim, deb bilaman va bu ishga qo‘l urganim menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Jamg‘armamiz tomonidan O‘zbekiston xalqiga gumanitar yordam yuborish amaliyotini bundan keyin davom ettirishni rejalashtirmoqdamiz», — dedi «Global Jewish Assistance and Relief Network» jamg‘armasi asoschisi va direktori Eliyezer Avtzon.

Mazkur insonparvarlik yukini O‘zbekistonga yuborish xarajatlari Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik Furqat Rajabov hisobidan qoplandi, deyiladi xabarda.

Avvalroq, O‘zbekistonga COVAX mexanizmi doirasida AQShdan 3 million doza Moderna vaksinasi olib kelingan edi.