Kecha Toshkent IIBB Qalampir.uz internet-nashri jurnalisti Feruza Najmiddinovaning sha’ni va qadr-qimmatini toptash maqsadida montaj qilingan videorolikning internetda e’lon qilinishi ortidan tergovga qadar tekshiruv boshlagani haqida xabar berilgan edi.

Bugun IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov holat yuzasidan axborot berdi.

Surishtiruv jarayonida ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida, balkonda tasvirlangan odamlar ikki farzandli, rasmiy nikohdagi oila, er-xotin, chet el fuqarolari bo‘lgan. Ular Toshkent shahrida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, mazkur xonadondan rasmiy ijarada foydalanishgan.

Ushbu shaxslar tomonidan hech qanday qonun buzilish holatlari aniqlanmagan. Ushbu oilaning shaxsiy hayoti tasvirlangan videolavhani ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishiga sababchi bo‘lgan fuqaroning harakatlari huquqiy baholanadi.

Videolavhani yasab, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali jurnalistning obro‘sini to‘kishga harakat qilgan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha tezkor tadbirlar davom etmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi, «g» bandi (Tuhmat g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa) hamda 141-prim 2-moddasi 2-qismi, «v» bandi (Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ish yakuni bo‘yicha jamoatchilikka to‘liq axborot berilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Senat rahbari, ombudsman, Saida Mirziyoyeva, Komil Allamjonov, davlat organlari, deputatlar va jamoatchilik Qalampir.uz jurnalisti Feruza Najmiddinovani qo‘llab-quvvatlab chiqqan edi.