Toshkentda OIV, Gepatit S va jinsiy aloqa yo‘li bilan yuqadigan infeksiyalar tashxisini qo‘yadigan harakatlanuvchi laboratoriya ishga tushirildi. Laboratoriya «Chegarasiz shifokorlar» tomonidan Respublika OITSga qarshi kurashish markazi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yildi, deya xabar qildi tashkilot matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Yaqin vaqtlarda maxsus uskunalar bilan jihozlangan avtobusda joylashgan laboratoriyaning Toshkent shahri va viloyati bo‘ylab faoliyat ko‘rsatish kutilmoqda. Keyinchalik laboratoriya-avtobus faoliyat radiusi yanada kengayishi mumkin.

«Ekspress mobil diagnostika bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida amaliyotga joriy etilgan. U, bizning laboratoriyalarimizda bo‘lgani kabi, OIV, Gepatit S va sifilis kabi kasalliklarga joyida tezkorlik bilan barvaqt tashxis qo‘yishga imkon beradi. Ta’kidlayman, testlar anonim, tezkor va yuqori darajada malakali tarzda o‘tkaziladi. Shunday qilib, zarurat tug‘ilganida, bemorlarni o‘z vaqtida tibbiyot muassasalariga qayta yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ladi», — dedi «Chegarasiz shifokorlar» doktori Dilorom Boboxodjayeva.

Mobil laboratoriyadan har qanday iqlim sharoitlarida foydalanish mumkin, bunda tekshiruvlarning yuqori aniqligi ta’minlanadi, sanitariya-gigiyena va epidemiologik talablarga rioya etiladi, deyiladi xabarda. Laboratoriya jamoasi shifokor va tibbiyot hamshiralaridan (yoki laborant) tarkib topadi.