9 avgustdan boshlab O‘zbekistondagi barcha emlash punktlarida zaxiradagi xitoy-o‘zbek vaksinasini faqat birinchi doza bilan emlash ishlari amalga oshiriladi. Ya’ni, alohida ko‘rsatma bo‘lgunga qadar bir hafta davomida aholini ikkinchi va uchinchi doza xitoy-o‘zbek vaksinasi bilan emlash ishlari to‘xtatiladi.

Bu aholi orasida ushbu vaksinaning birinchi yoki ikkinchi dozasini olganlar uchun qanday ta’sir qiladi degan savollarni keltirib chiqardi.

«Gazeta.uz» ushbu savol mutaxassislarga koronavirusga qarshi emlanish bo‘yicha asosiy savollarni berishda davom etmoqda.

Molekulyar genetik, biotexnolog, biologiya fanlari doktori va O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari Alisher Abdullayev ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining dozalari o‘rtasidagi interval qancha bo‘lishi kerakligi va koronavirusning har xil tarqalgan turlarining O‘zbekistonda qanday aniqlanishi haqida gapirib berdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Alisher Abdullayev koronavirusdan tuzalgan odam nega vaksina olishi kerakligi haqida gapirgan edi.

— ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining birinchi dozasini olganimda, keyingi dozani 21−28 kun ichida olishim kerakligini aytishgan edi. Men 25-kuni emlanishni xohlab borsam, menga 28-kuni kelishim kerakligini ta’kidlashdi. Aslida vaqt oralig‘i qanday bo‘lishi kerak?

— O‘ylaymanki, vaksina bir-ikki kun oldin yoki kechroq qilinsa, hech qanday jiddiy salbiy ta’sir kuzatilmaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan protokol bor, dorilar ham ma’lum bir sxema asosida qabul qilinadi. Bu o‘z o‘rnida yo‘riqnomada ko‘rsatiladi, va ushbu standart osmondan olib yozilmaydi.

Vaksinaning birinchi dozasidan ikki hafta o‘tgach antitanachalar paydo bo‘lishni boshlaydi. Antitanachalar titri ikki hafta ichida yuqori qo‘rsatkichga chiqadi (birinchi dozadan keyin platoga ko‘tariladi). Keyin ko‘rsatkich pasayishni boshlaydi, shuning uchun muddatning o‘rtasida yana doza olish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Ikkinchi dozani olgandan so‘ng titr birinchi olingan in’eksiyaning 14-kuniga nisbatan balandroq ko‘rsatkichni ko‘rsatadi. Bu ilmiy tadqiqotlar davomida namuna asosida aniqlangan.

Yaqinda bir tadqiqot e’lon qilindi, unda uchinchi dozani ikkinchisidan 28−30 kun o‘tib emas, balki 110-chi kuni olish kerakligini aytishgan. Shunda immunitetning reaksiyasi yanada kuchliroq bo‘larkan, ayniqsa koronavirusning yangi turlariga (shtammlariga) nisbatan samaradorlik ancha oshadi.

— Demak, organizmni kasallikning og‘ir shaklidan 96−97 foizga himoya qilish uchun deyarli besh oy kutish kerak bo‘ladi.

— Ikkinchi dozadan keyin sizda titr ko‘rsatkichlari juda yuqori bo‘ladi. Vaksinaning ommaviy qo‘llanilish paytida turli xil tadqiqotlar o‘tkaziladi, chunki pandemiya davrida ommaviy emlash bosqichigacha barcha tadqiqotlarni o‘tkazishga vaqt yo‘q. Keyinchalik, balki, emlash sxemasini takomillashtirishar. Ammo oldingi ma’lumotlarga tayanib shuni aytish mumkinki, dozalar o‘rtasida vaqt oralig‘i taxminan 28 kun bo‘lishi kerak.

— Hukumat vakillarining aytishicha, hozir odamlar ko‘proq koronavirusning «delta» shtammi bilan kasallanmoqda. Bu qanday aniqlanadi?

— O‘zbekistonda koronavirusning turli shtammlari ilg‘or texnologiyalar markazida aniqlanadi. Biz nukleotidlar ketma-ketligini maxsus uskunalar yordamida aniqlaymiz. Nukleotidlar DNK molekulalaridan iborat bo‘ladi va aminokislotalarni kodlaydi. Aminokislota esa oqsilning bir qismidir.

Uskunalar nukleotidlar ketma-ketligini aniqlab bergandan keyin, biz ma’lumotlarni bioinformatika dasturiga yuklaymiz va natijani ma’lumotlar bazasi bo‘yicha dunyoda aniqlangan turlar bilan solishtiramiz. U butun dunyo olimlari tomonidan doimiy ravishda yangilanib turadi.

Bu juda qimmat tadqiqot. Koronavirusning to‘liq genomini tadqiqot qilish kerak bo‘ladi. Ma’lumot to‘plashdan tortib to aniqlashgacha bo‘lgan butun jarayon taxminan yetti kun davom etadi. Hammani ham tahlil qila olmaymiz. Biz har xil yoshdagi, jinsdagi va turli darajadagi kasallik ko‘rinishiga ega bo‘lgan yuzta bemorni namuna qilib oldik.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov vaksinalar dozasi orasida 3 oy muddat bo‘lsa, emlash jarayonini qayta boshlash kerak bo‘lishi haqida ma’lum qilgan edi.