O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida deputat yordamchisi institutini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda parlament quyi palatasi xabar bermoqda.

Deputatlar nafaqat qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanishi, balki o‘z saylov hududida elektorati bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yib, muammolarni aniqlash va tezkor yechim topishda ham mas’ul bo‘lishi lozim. Lekin, quyi palata deputatlari har doim ham ham bu vazifani to‘la bajarish imkoniyatiga ega emas, deyiladi xabarda.

Deputatlar ishi samaradorligini oshirish va aholi muammolarini hal yetishni jadallashtirish maqsadida yordamchi institutini joriy etish tashabbusi «Milliy Tiklanish» partiyasi fraksiyasi tomonidan 2020 yilning yanvar oyida taklif etilgandi.

Qonun loyihasida siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi hamda deputatlar va senatorlar maqomi to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda. Unda deputat yordamchisiga qo‘yiladigan talablar, uning vazifalari, ishga joylashish va haq to‘lash masalalari belgilab berilgan.

Deputat yordamchisi deputatning vakili sifatida saylov okrugida doimiy faoliyat yuritadi va u deputat bilan yaqin qarindosh va sudlanmagan bo‘lishi lozim. Unga haq to‘lash siyosiy partiya mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi.

Yordamchi saylovchilarni Qonunchilik palatasidagi deputati faoliyatidan, o‘z navbatida deputatni saylov okrugida yuz berayotgan voqealar, fuqarolar murojaati, mahalliy ijro hokimiyati qarorlaridan xabardor qilib turadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 150 nafar deputatdan iborat.