9 avgustdan boshlab O‘zbekistondagi barcha emlash punktlarida zaxiradagi Xitoy davlatidan keltirilgan xitoy-o‘zbek ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini faqat birinchi doza bilan emlash ishlari amalga oshiriladi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan hududiy boshqarmalarga yuborilgan ko‘rsatma xatida keltirilgan (xat nusxasi «Gazeta.uz»da bor).

Xatga ko‘ra, alohida ko‘rsatma bo‘lgunga qadar bir hafta davomida aholini ikkinchi va uchinchi doza xitoy-o‘zbek vaksinasi bilan emlash ishlari to‘xtatiladi.

SSV immunizatsiya ishlari bo‘yicha rahbari Dilorom Tursunovaning (ko‘rsatma xatga imzosi qo‘yilgan) «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda keltirilgan vaksinalarning hisob-kitobini to‘g‘rilab olish, emlash.uz saytiga to‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish hamda vaksinaning ikkinchi va uchinchi dozasini olishni rejalashtirgan fuqarolar ro‘yxatini tartibga solish uchun bir haftalik topshiriq berilgan.

«Chunki tahlil qilganimizda ko‘rdikki, birinchi doza bilan emlash juda katta raqamlarda, ikkinchi doza bilan emlash esa undan uch baravar kam. Biz hamma raqamlarni to‘g‘ri bilib olishimiz kerakligi sabab bir hafta muddat berdik», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Eslatib o‘tamiz, 5 va 6 avgust kunlari O‘zbekistonda jami 2 mln doza xitoy-o‘zbek vaksinasi olib kelindi. Jami vaksina zaxirasi esa 14 mln 580 ming 60 dozani tashkil qilmoqda.

7 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 10 mln dozadan ortiq vaksina qo‘llanilgan.