6 avgustda Vazirlar Mahkamasining «Chorvoq suv ombori atrofidagi tog‘ va tog‘ oldi hududlarda o‘simlik qoplamining qisqarishini oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Norma.

Hujjatda ta’kidlanishicha, oxirgi o‘n yil ichida suv ombori atrofidagi dala landshaftlarining iqlim o‘zgarishi natijasida o‘simlik qoplamining miqdori keskin kamaygan, bu tuproq qatlamlarining mustahkamligiga ta’sir qiladi va changning tez ko‘tarilishiga olib keladi.

2021 yilning 1 oktyabriga qadar Chorvoq suv ombori atrofi va unga tutash hududlardagi barcha toifadagi yerlarda o‘rmon bilan qoplangan va o‘rmon barpo qilish mumkin bo‘lgan maydonlarni xatlovdan o‘tkazish belgilanmoqda. Xatlov natijasi asosida belgilangan tartibda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni o‘rmon fondi yerlari toifasiga o‘tkazish hamda chorva mollarining boqilishi taqiqlanadi.

Geoaxborot texnologiyalari, shu jumladan, yerni masofadan zondlash va kosmik monitoring texnologiyasini keng joriy etgan holda, o‘rmon fondining hayotiy davri haqidagi aniq va doimiy ma’lumotlarni tahlil qilish, o‘rmon fondi degradatsiyasi va o‘rmonlarning noqonuniy kesilishini aniqlash va nazorat qilish tizimini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda.

Shuningdek, 2021−2025 yillarda Chorvoq suv ombori hamda uning atrofidagi ekotizimni himoya qilish va qayta tiklash, yerlar degradatsiyasining oldini olish hamda cho‘llanishga qarshi kurashishga qaratilgan fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish dasturi tasdiqlandi.

Hujjat tasdiqlagan jadvaldan kelib chiqib, Chorvoq suv ombori atrofidagi hududlarni to‘liq o‘rmonzorlashtirish 2023 yilgacha yakunlanishi rejalashtirilmoqda.