Bugun, 8 avgust kuni 16:37 da Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Zomin milliy tabiat bog‘i hududida yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushdi, deya ma’lum qildi viloyat FVV mabuot xizmati.

Xabar asosida zudlik bilan FVV yong‘in-qutqaruv guruhlari voqea joyiga yetib borishgan va soat taxminan 18:20larda yong‘in to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘inni o‘chirishda FVVning 55 nafar yong‘in-qutqaruvchilari ishtirok etgan. Yong‘in natijasida 10 sotix maydon yonib zararlangan. Mazkur hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 1 avgust kuni ham Zomin tumani «Duoba» QFY O‘riklisoy qishlog‘i hududidagi dala maydonida yong‘in yuzaga kelgan edi. Yong‘inni o‘chirishga 4 ta vertolyot, FVVning 370 dan ortiq xodimlari bilan birga, Milliy gvardiya, IIB, Davlat ekologiya qo‘mitasidan ham kuch va vositalari jalb qilindi. Yong‘in oqibatida 80 gektar yer maydonida quruq o‘t va daraxtlar yongani ma’lum qilindi.