Toshkent hokimligi va Fransiyaning Veolia kompaniyasi yaqin vaqtlarda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolash hamda poytaxt issiqlik ta’minoti tizimini kompaniyaga topshirishni rejalashtirmoqda. 2 avgust kuni loyiha O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi.

Loyihani amalga oshirish muddati 30 yilni tashkil etadi. Bu muddat davomida Veolia o‘z hisobidan 315 mln yevro hamda loyiha davrida olinadigan daromad hisobidan 1 mlrd 80 mln yevro yo‘naltiradi. 10 yil davomida poytaxtdagi barcha qozonxonalarni yopiq issiqlik ta’minoti tizimiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Kutilayotgan natijalar

Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar taqdimotdan o‘rin olgan bo‘lib, slaydlar «O‘zbekiston 24» telekanali tomonidan efirga uzatildi. «Gazeta.uz» ularni o‘rganib chiqib, tafsilotlarini keltirmoqda.

Amaldagi tizim 2028 yil 1 yanvargacha saqlab qolingan taqdirda, kreditor qarzdorlikning 14,4 trln so‘mga qadar oshishi kutilmoqda, Veolia loyihasida esa ushbu raqamni 1,8 trln so‘mgacha tushirish ko‘zda tutilgan. Issiqlik yo‘qotilishi esa 2030 yilga qadar 5 mln Gkal (44%), Veolia loyihasida — 1,8 mln Gkal (20%) bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

2050 yilga qadar Veolia loyihasi sharofati bilan 11,7 trln so‘mlik 9,2 mlrd kub metr tabiiy gaz, 1,4 trln so‘mlik 3,1 mlrd kvt.s elektr energiyasi va 440 mlrd so‘mlik 1,1 mlrd kub metr suv iqtisod qilinadi.

Shu bilan birga, amaldagi tizimi sharoitida tariflar 2021−2027 yillarda yiliga 15%dan oshsa, Veolia loyihasida 30% ga oshirish belgilangan. Ushbu davr mobaynida byudjet subsidiyalari hajmi ham 3,8 trln so‘mdan 8,5 trln so‘mga oshishi kutilmoqda.

Tajriba loyihalari

Prezident Shavkat Mirziyoyev taqdimotda taklif etilayotgan loyihani Toshkentdagi mavzelardan birida namuna sifatida joriy etib, samaradorligini tajribadan o‘tkazish, har tomonlama chuqur o‘ylab, qaror qabul qilish zarurligini ta’kidladi.

Birinchi tajriba loyihasini poytaxtning Bektemir tumani Suvsoz mavzesida amalga oshirish belgilangan. Uning doirasida «Suvsoz» markaziy qozonxonasi va issiqlik tarmoqlari modernizatsiya qilinadi. 123 ta bino, jumladan 91 ta ko‘p qavatli uy, 32 ta ijtimoiy obyekt to‘liq yopiq issiqlik ta’minoti tizimiga o‘tkaziladi, 5451 ta issiq suv hisoblagichi va 123 ta issiqlik energiyasi hisoblagichi o‘rnatiladi.

Ikkinchi tajriba loyihasi Sergeli tumanidagi Nilufar ko‘chasida o‘tkaziladi. Bu yerda «Sanoat energo» markaziy qozonxonasi va issiqlik tarmoqlari modernizatsiya qilinib, 38 ta bino (27 ta ko‘p qavatli uy va 11 ta ijtimoiy obyekt) to‘liq yopiq issiqlik ta’minoti tizimiga o‘tkaziladi, 1617 ta issiq suv hisoblagichi va 38 ta issiqlik energiyasi hisoblagichi o‘rnatiladi.

Tajriba loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilganidan so‘ng birinchi ikki yilda Veolia boshqaruviga shahar markazidagi yana 840 ta bino yopiq issiqlik ta’minoti tizimiga o‘tkazish uchun topshiriladi va infratuzilmalarni ta’mirlash ishlari boshlanadi.

DXSH

Xorijiy kompaniya boshqaruviga topshirishdan avval «Toshissiqquvvati» DUKga tegishli mol-mulk va binolarni inventarizatsiyadan, ko‘p qavatli uylar issiqlik ta’minoti tizimini texnik va energetik auditdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Davlat-xususiy sheriklik shartnomasi imzolangan taqdirda, Veolia kompaniyaning Toshkentdagi filialini boshqarish uchun 5 nafar chet ellik mutaxassisni taklif qiladi, so‘ngra ular sonini 2022 yilda 12 nafarga oshiradi. 70 foiz mutaxassislar texnik va tashkiliy departamentlarni boshqaradi.

Ikki yil davomida «Toshissiqquvvati»ning 3000 dan ortiq xodimlari Veolia`ga o‘tadi. Xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash uchun Vilnyus, Praga va Parijdan mutaxassislar taklif etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil dekabrida resurs tejovchi zamonaviy texnologiyalarni, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonining barcha bosqichlarida issiqlik energiyasi va issiq suvni ishlab chiqarish hamda iste’mol qilishni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni inobatga olgan holda, markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimini 2019−2024 yillarda bosqichma-bosqich yopiq tizimga o‘tkazishни ko‘zda tutgan qarorni imzolagan edi.

2020 yilning yanvarida Janubiy Koreyaning CM Entech kompaniyasi Toshkent issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 2-sonli issiqlik markazini rekonstruksiya qilish taklifini bergan edi. Ishlarning qiymati 70−100 mln dollarga baholangandi.