Pandemiya bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyatda ishbilarmonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘p sonli tadbirkorlarning iltimos va murojaatlarini inobatga olib, Respublika maxsus komissiyasi umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati uchun belgilangan cheklovlarni yumshatish masalasini muhokama qildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shunday qilib, 10 avgustdan e’tiboran:

  • umumiy ovqatlanish obyektlari — restoran, kafe, oshxona va choyxonalarning ishchi va xodimlari (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat’i nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lgan taqdirda, ularga nisbatan soat 8:00 dan 20:00 gacha hamda faqat ochiq havoda faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq karantin cheklovlari tatbiq etilmaydi.
  • umumiy ovqatlanish obyektlariga koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi to‘g‘risidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud bo‘lgan tashrif buyuruvchilarni kiritish tavsiya etiladi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lganlar bundan mustasno).

2021 yil 1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish subyektlarining ishchi va xodimlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lganlar bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qat’i nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikati bo‘lmagan taqdirda, ularning faoliyat ko‘rsatishi vaqtinchalik to‘xtatiladi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 28 iyundan boshlab respublika bo‘ylab ko‘ngilochar obyektlar — restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda umumiy ovqatlanish obyektlari — kafe, oshxona, choyxonalarni ishlashiga soat 8:00 dan 20:00 gacha ruxsat berilgan edi. Cheklovlar aniq muddatga emas, balki mamlakatda epidemiologik vaziyatning barqarorlashuviga qadar kiritilgan edi.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 2 milliondan ortiq kishi restoran sohasida ishlaydi, yoki umumiy ovqatlanish obyektlari sohasi bilan ish faoliyati bog‘liq. Restoratorlar ko‘p sonli odamlar pulsiz qolayotganligi haqida ogohlantirishgan edi.

3 avgust kuni ish beruvchilar vaksina olmagan xodimlarini ishdan chetlatish huquqiga ega bo‘lishlari to‘g‘risidagi qonun prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi. Bundan oldin 14 toifadagi (savdo va xizmat obyektlari, sport maktablari, ko‘ngilochar obyektlar va dam olish zonalari, harbiylar, umumiy ovqatlanish obyektlari va boshqalar) 18 yoshdan katta bo‘lgan aholi qatlamini majburiy emlash bo‘yicha tartib joriy qilinayotganligi haqida yozgan edi (to‘liq ro‘yxat). Tartibga ko‘ra, ular 1 sentyabrga qadar koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasini, 1 oktyabrga qadar ikkinchi va 1 noyabrga qadar uchinchi dozasini olishlari kerak. Саломатлик bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lganlar bundan mustasno.