Bugun Xalq demokratik partiyasi oktbyar oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Varisova partiyaning nomzodi bo‘ladi.

Partiya markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumidan keyin bo‘lib o‘tgan brifingda Maqsuda Varisova jurnalistlar savoliga javob berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

U partiyaning saylovoldi dasturi haqida qisqacha gapirib o‘tdi.

«Biz juda ham muhim voqea ustida turibmiz. Xalq demokratik partiyasi saylovga kirib bormoqda va biz saylovga o‘z dasturimiz bilan kirib boryapmiz. Dasturimizda global muammo bo‘lib turgan pandemiya, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, aholini ish bilan ta’minlash, ayniqsa, ayollar masalasini hal qilish, ularning bandligini ta’minlash, manfaatlarini himoya qilish kabi vazifalar aks etgan», — deydi Maqsuda Varisova.

«Gazeta.uz» muxbiri Maqsuda Varisovadan prezidentlik saylovlarida ishtirokidan nimani ko‘zlayotgani haqida so‘raganida u ko‘p ming sonli XDP ushbu saylovlarni g‘alaba qozonishni nafaqat orzu, balki maqsad qilib qo‘yganligini ta’kidladi.

Shuningdek, Maqsuda Varisova O‘zbekiston xalqi davlat boshqaruvini ayol kishiga topshirishiga ishonishi yoki yo‘qligiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Bu shaxsga nisbatan bo‘lgan ishonch emas. Bu partiyaning maqsadlari, g‘oyalari, dasturimizga bo‘lgan ishonch. Xalq bizdan uni qiynab turgan muammolarini hal qilishni kutyapti. Ularni tizimli hal qilishimiz kutyapti. Bu saylovoldi dasturimizda ishsizlikni, uy-joy muammoasini, kommunal xizmatlardagi tariflarning nazoratsiz oshib ketishini yoki bo‘lmasa oziq-ovqat narxlarining oshib ketishining oldini olmoqchimiz. Agar biz shu kabi maqsadlarimizni xalqimizga to‘g‘ri yetkazib bera olsak, albatta, xalqimiz bizni qo‘llab-quvvatlaydi va g‘alaba qozonamiz», — deydi u.

Maqsuda Varisovaning qo‘shimcha qilishicha, agarda u saylovlarda g‘olib bo‘lsa islohotlarni birinchi o‘rinda ishsizlik va bandlik masalalarini hal qilishdan boshlaydi. «Shuningdek, ayollarni qiynayotgan muammolar hamda ta’lim va tibbiyot sohasidagi aholimiz duch kelayotgan muammolardan boshlayman», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Shuningdek, u Xalq demokratik partiyasi gender tenglikka doimo e’tibor berganini aytib o‘tdi.

«Men faqat ayol bo‘lganim uchun nomzod qilib ko‘rsatilmadim. Mening fikrimcha, xalq orasidan chiqqan oddiy bir ona, oddiy bir ayol bo‘lganim sababli ham, bugungi xalqimizni qiynab turgan muammolarimizni quyidan bilganim uchun ham meni tanlashdi, deb o‘ylayman», — deydi Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Varisova.

U ayol kishilarning davlat boshqaruv organlarida kam ekanligi to‘g‘risidagi savolga ham javob qaytardi.

«Birinchi o‘rinda mutaxassislarning to‘g‘ri tanlanishiga e’tibor berishimiz kerak. Shu kungacha tan olib aytishimiz kerak, bizda ayol va erkak mutaxassis deb tanlanganda erkakka ko‘proq imkon berildi. Gender tenglik deganda biz nafaqat ma’lum bir kasblarga ayol kishi tayinlanishi yoki uni mansabga, lavozimga ayol bo‘lgani uchun emas, uning tajribasi, saviyasi, bilimiga e’tibor berilishi kerakligini biz o‘z dasturimizda ko‘rsatib o‘tamiz», — deya so‘zini yakunladi Maqsuda Varisova.

Eslatib o‘tamiz, kecha «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishni niyat qilayotganini bildirgan edi.