Prezident Shavkat Mirziyoyevning 5 avgustdagi qarori bilan O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Hujjatga muvofiq, 2021−2025 yillarda respublika bo‘yicha 67 ta bolalar-o‘smirlar sport maktabida ot sporti turlari, shu jumladan zamonaviy beshkurash bo‘yicha 52 ta, polo bo‘yicha 15 ta bo‘lim tashkil etiladi. Har bir olimpiya zaxiralari kollejida ot sporti va zamonaviy beshkurash bo‘limlari ochiladi.

Bundan tashqari, naslli va zotdor otlarni ko‘paytirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 170 ta yilqichilik xo‘jaliklari tashkil etiladi.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab ot sporti bo‘yicha mehnatni rag‘batlantirishda usta-chavandoz, ot parvarishlovchi, taqachi, otxona boshlig‘i (brigadir) — trenerga, veterinar-shifokor — shifokorga, zootexnik va feldsher-veterinar — hamshiraga tenglashtiriladi.

2022/2023 o‘quv yilidan:

  • Samarqand veterinariya meditsinasi instituti hamda uning Nukus va Toshkent filiallarida yilqichilikka ixtisoslashgan veterinariya shifokorlari va zootexniklarini tayyorlash bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi ochiladi;
  • O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning Nukus va Farg‘ona filiallarida ot sporti bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishining maxsus sirtqi ta’lim shakli ochiladi.
  • O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi huzuridagi naslli, sport va tozaqonli otlarni yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha innovatsion seleksiya-genetika markazi tarkibida Ippologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinadi. ITI otlarning anatomiyasi, fiziologiyasi, ko‘paytirish biologiyasi, zotlarni o‘zgartirish va boshqa masalalarni ilmiy tomondan o‘rganadi.

2022 yil 1 sentyabrgacha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hududida 30 o‘rinli zamonaviy otxona binosi va ochiq sport maneji barpo etiladi.

Tegishli bo‘limlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 2024 yil 1 iyulga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan inventarlar, sport kiyimlari, sport otlari, naslli mahsulotlar (materiallar), ozuqa va ozuqa qo‘shimchalari, vitaminlar, veterinariya dori vositalari, uskunalar va materiallar, otlarni tashishga mo‘ljallangan yangi va ishlab chiqarilganligiga yetti yil to‘lmagan maxsus avtotransport (konevoz) vositalariva tirkamalar, lazerli to‘pponcha va nishonlar, polo tayog‘i bojxona bojidan ozod qilindi.

Prezident 5 avgust kuni Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni ham imzoladi. Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ot sporti turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari (Chavandozlar maktablari) va ularning tuman (shahar) seksiyalari tashkil qilindi. Chavandozlar maktabining tuman (shahar) seksiyalari davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etiladi.

Chavandozlar maktablari Milliy gvardiya tizimiga kiradi hamda maktabdan tashqari sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi. Mazkur maktablar ot sporti (uchkurash, to‘siqlardan sakrash va ot yo‘rttirish), zamonaviy beshkurash, polo hamda uloq-ko‘pkariga ixtisoslashtiriladi. Ular o‘z faoliyatini 2022 yil 1 martdan boshlaydi, shuningdek, razryadli va unvonli sportchilar tayyorlash tizimi joriy etiladi.

2022 yil 1 martdan Chavandozlar maktablari faoliyati samaradorligi bo‘yicha reyting tizimi joriy qilinadi hamda uning natijalariga qarab xodimlar har yili BHMning 10 baravarigacha (2 mln 450 ming so‘mgacha) miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Chavandozlar maktablarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan, o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Ippoterapiya markazlari tashkil qilinadi.

Davlat rahbarining 5 avgustdagi boshqa bir qarori bilan Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi.

Hujjat bilan Milliy gvardiya huzurida Qorabayir otlari mahorat maktabi tashkil etilmoqda. Surxondaryo viloyati, Termiz tumani, Yangiobod mahallasi hududidagi 64,6 ga yer maydoni bino va inshootlari bilan birga Milliy gvardiyaning balansiga o‘tkaziladi va unda Qorabayir otlari mahorat maktabi joylashtiriladi. Maktab faoliyatini 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab to‘liq yo‘lga qo‘yadi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati hokimligi ikki oy muddatda Qorabayir otlari mahorat maktabi otlariga ozuqa bazasini yaratish maqsadida 100 ga sug‘oriladigan yer maydonini ajratishi lozim.

Quyidagilar Qorabayir otlari mahorat maktabining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • yosh avlod chavandozlarini tarbiyalashga yo‘naltirilgan milliy ot sporti musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazishda Qorabayir zotli otlardan foydalanishni ommalashtirish hamda milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • yilqichilikda naslchilik ishlarini takomillashtirish yo‘li bilan Qorabayir zotli otlar bosh sonini ko‘paytirish;
  • Qorabayir zotli otlarni saqlash va sifatli veterinariya xizmati ko‘rsatish ishlarini yaxshilashga ko‘maklashish, shuningdek, jahon bozorida ot zotlari orasida Qorabayir ot zotining raqobatbardoshligini ta’minlash;
  • aholining keng qatlamini, ayniqsa yoshlarni, Qorabayir otlari mahorat maktabidagi seksiya va klublarga jalb etish.

2022 yil 1 yanvarga qadar Surxondaryo viloyatining barcha tumanlarida Qorabayir otlari mahorat maktabining seksiya va klublari tashkil etiladi.