7 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasining matbuot markazida OAV vakillari va blogerlar bilan «galstuksiz uchrashuv» bo‘lib o‘tdi. Unda «Gazeta.uz» muxbirining amaldagi prezidentning o‘z ish vazifasi va saylovoldi targ‘iboti aralashtirib yuborilmasligi nazorat qilinishi yoki yo‘qligi to‘g‘risidagi savoliga ham javob berildi.

MSK a’zosi Sherzodxon Qudratxo‘janing so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti uchrashuvlari va majlislari ortida piar yotgani yo‘q.

«Amaldagi prezident kunora o‘zlarini ish faoliyatlarida majlis o‘tkazadilar, uchrashuvlar bo‘ladi. Bundan maqsad ularni (Shavkat Mirziyoyevni — tahr.) piar qilish emas. Buni maqsadi shu odamni shaffofligini ko‘rsatish… Bizda nimagadir saylovda kuchlini orqasidan kuchsizlar kuch olgisi keladi, lekin bu yil unaqa bo‘lmaydi. Men o‘ylaymanki, amaldagi prezident faoliyati ham e’tiborga olinishi kerak. Biz har taraflama, qonunan berilgan vaqtga e’tibor qaratamiz va o‘ylaymizki, amaldagi prezident ham bundan (qonun talabidan — tahr.) chiqmaydi. Xarakterlarini o‘zinglar bilsanglar kerak», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «lekin, saylovoldi harakatlar Shavkat Mirziyoyevning bugungi faolligini, jumladan, tashriflari va amalga oshirayotgan ishlarini susaytirishi kerak emas».

«Albatta har hafta viloyatga chiqadilar, har hafta uchrashuvlar bo‘ladi. Buni tagida piar yotmaydi. Buni tagida kundalik faoliyatni yoritish va qilinayotgan islohotlarni ko‘rsatish yotibdi. Lekin, Markaziy saylov komissiyasi kuzatadi va biz monitoring qilamiz. Albatta, ajratilayotgan mablag‘ ham, televideniyadagi vaqt ham kuzatiladi», — dedi MSK a’zosi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov.

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ham targ‘ibot jarayonlari to‘liq nazorat qilinishini ma’lum qildi.

«Albatta, nomzodni saylovoldi targ‘iboti va o‘zining faoliyatini adashtirmasligimiz kerak. Lekin nazorat qilinadi, qonunda berilgan vazifani hammamiz bajarib berishimiz kerak. Nazorat qilinadigan qismini nazorat qilib berishimiz kerak. Lekin boshqa nomzodlarni ham hech kim o‘zining faoliyatini amalga oshirishdan cheklab qo‘yayotgani yo‘q. Ular ham o‘z faoliyatini amalga oshirishi mumkin», — dedi u.

U saylov tashviqotiga oid qoidalar borligini, ularga to‘liq rioya qilish kerakligini eslatib o‘tdi.

«Davlat resurslarini ishlatish bo‘yicha Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarimiz bor. Mana shunga rioya qilishimiz va buni ta’minlab berishimiz kerak. Bu barchamiz birgalikda harakat qilinadigan masala», — dedi Bahrom Qo‘chqorov.

Avvalroq, O‘zbekistondagi beshta siyosiy partiyaning prezident saylovi uchun o‘z nomzodlarini e’lon qilgani haqida yozgan edik.