O‘zbekiston Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotini mintaqadagi ayollar o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi, yuqori sifatli maslahatlar platformasi sifatida shakllantirishga barcha sa’y-harakatlarni safarbar qiladi. Bu haqda juma kuni Turkmanboshida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi bilan parallel ravishda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining Forumida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva ma’lum qildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Tanzila Narbayeva o‘zining kirish nutqida, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sari Muloqotning transformatsion o‘zgarishlarni amalga oshirish qobiliyatiga optimistik munosabatda ekanini ta’kidladi. U davlat boshqaruvi, preventiv diplomatiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tadbirkorlik va biznes, madaniyat, ta’lim, ilm-fan, san’at va gender tengligini ta’minlash sohalarida Markaziy Osiyo davlatlari ayollari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga ishonch bildirdi.

Tadbir davomida «Ayollar, tinchlik va xavfsizlik» kun tartibi, 2030 yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibi, Global maqsadlarga erishish uchun harakatlar o‘n yilligiga Muloqotning sodiqligini tasdiqlaydigan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari Forumi Deklaratsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, ushbu hujjatda Markaziy Osiyoda ayollarning ilmiy, texnik, ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini to‘liq amalga oshirishning samarali usullarini ishlab chiqish, ayol va qizlarning tadbirkorlik sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish tarafdori bo‘lgan Muloqotning nuqtai nazari qayd etilgan.

Forum yakunida Muloqot ishtirokchilari hamkorlikni yanada kengaytirish, ushbu mintaqaviy platformaning samarali ishlashini ta’minlash uchun ijobiy tajriba almashish va Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaati uchun mintaqaviy sheriklikni chuqurlashtirishga muhim hissa qo‘shish zarurligi to‘g‘risida kelishib oldilar.

Forumda nutq so‘zlagan BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Natalya German ayollarning to‘liq iqtisodiy ishtirokisiz gender tengligiga erishish imkonsizligini ta’kidladi. «Shuning uchun ham Muloqotimizning bu yo‘nalishdagi faoliyati juda muhim. Ayollarning iqtisodiy salohiyati va iqtisodiy hamkorligining rivojlanishi shubhasiz mintaqaning rivojlanishi, yangi imkoniyatlar ochilishi, barqaror tinchlik va xavfsizlikka hissa qo‘shishiga yordam beradi», — dedi N. German

Muloqot 2020 yil dekabrida tashkil etilgan. Birinchi yilda unga O‘zbekiston raislik qilmoqda. Forum ishtirokchilari ilk bor yuzma-yuz uchrashdilar. Tadbirda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining vakillari — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva, Turkmaniston Milliy Gengesh Mejlisi Raisi Gulshat Mammedova, Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majilisi Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi Raisi Aygul Kuspan, Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘g‘orku Keneshi Torag‘asi o‘rinbosari Aida Kasimaliyeva, Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Xotin -qizlar va oila masalalari qo‘mitasi Raisi Hilolbi Qurbonzoda, hamda BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Natalya German, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH bo‘yicha Mintaqaviy byurosi rahbari Miryana Spolyarich Egger ishtirok etdilar.