6 avgust kuni O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va nisbatan issiq ob-havo bo‘lishi davom etadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar bermoqda.

Faqat eng chekka sharqiy hududlarda konvektiv bulutlilik rivojlanishi ehtimoli hali ham saqlanib turadi. Buning natijasida Farg‘ona vodiysida va respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli mahalliy yomg‘ir yog‘adi.

Dam olish kunlarida tekislik hududlari bo‘yicha quruq issiq saqlanib turadi, faqat respublikaning tog‘li hududlarida mahalliy yomg‘irlar kuzatiladi. Havo harorati kechalari +20…+25 daraja, kunduz kunlari +35…+40 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda +42 darajacha atrofida bo‘lishi saqlanib turadi.

Kutilayotgan mahalliy yomg‘irlar hisobiga 6−8 avgust kunlarida respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi bor.