«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi COVID-19 ga qarshi emlanish borasidagi jamoatchilik fikri va ularning koronavirusga qarshi emlanishga tayyor emasligi sabablarini aniqlash va ularning yechimini topishga qaratilgan sotsiologik tadqiqot o‘tkazdi. Tadqiqotning asosiy maqsadlaridan biri fuqarolarning emlanishdan bosh tortishi sabablarini aniqlashdan iborat.

Ma’lumotga ko‘ra, mazkur so‘rovda respublikaning barcha hududlaridan erkaklar va xotin-qizlar, yoshlar va undan katta yoshdagi fuqarolar, shahar va qishloq joylarida yashovchi fuqarolar ishtirok etishgan.

Qayd etilishicha, telefon orqali o‘tkazilgan so‘rovda mamlakat fuqarolarining 53,2 foizi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga tayyorligini tasdiqlashgan. So‘ralganlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i (36,5 foizi) emlanishdan bosh tortmoqda.

Foto: Nigoh

«So‘rovda ishtirok etgan har o‘ninchi fuqaro javob berishga qiynalgan, bu ularning hali COVID-19 ga qarshi emlanish to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilmaganligidan dalolat berib turibdi», deya qayd etdi «Ijtimoiy fikr» axborot xizmati.

Telefon orqali o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, emlanishga tayyorlik mamlakatning erkak aholisi orasida 17,4 foizga yuqori bo‘lib, 60,7 foizni tashkil etadi. Ayollar orasida emlanishga tayyorlar va COVID-19 ga qarshi emlanishni istamaydiganlar foizi taxminan bir xil: 43,3 foiz ayollar emlanishni istaydi, 45,2 foizi istamaydi.

Foto: Nigoh

Yosh kesimi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga tayyorlikning eng yuqori ko‘rsatkichi 45−54 yoshdagi fuqarolar orasida aniqlangan. Emlanish borasida bir qarorga kelmagan fuqarolarning eng yuqori darajasi 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida aniqlandi va 28,4 foizni tashkil qildi.

«Siz qancha vaqt ichida COVID-19 ga qarshi emlanmoqchisiz?», degan savolga javob berishda 37,1% fuqarolar kelayotgan haftada emlanishga tayyorligini bildirishdi. 25,7% telefon so‘rovi ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, ular bir oy ichida emlanishni boshlashlari mumkin. Har o‘ninchi respondent (11,3%), poliklinikaga chaqirilgan taqdirda emlanishga tayyor ekanligini ta’kidladi. Fuqarolarning kichik foizi (1,6%) emlanishni uzoqroq muddatga kechiktiradi. Har beshinchi respondent emlanishga tayyor bo‘ladigan vaqt haqidagi savolga javob berishga qiynalgan.

Olingan ma’lumotlarga asosan 35,9% fuqarolar vaksinaning ehtimoliy nojo‘ya ta’sirlari borasidagi xavotirlari va ularning emlanishiga tibbiy qarshi ko‘rsatmalar (kuchli nojo‘ya reaksiyalarga duch kelmaslik uchun) mavjudligini COVID-19 ga qarshi emlanishni rad etishning asosiy sabablari sifatida aytishgan.

«Ijtimoiy fikr»ning qayd etishiga ko‘ra, telefon so‘rovi 34,2% fuqarolar koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanishga zarurat ko‘rishmayotganini va COVID-19 ga chalinishi mumkinligiga ishonishmayotganini ko‘rsatgan. Ushbu toifadagi fuqarolarning fikriga ko‘ra, «jahonda koronavirus infeksiyasi atrofida yuzaga kelgan vaziyat ko‘p jihatdan o‘ylab topilgan, uning xavfi judayam oshirib yuborilgan, bundan tashqari, ushbu fuqarolarning kasallik ularni chetlab o‘tishiga ishonchi komil».

Telefon intervyulari davomida COVID-19 ga qarshi emlanishga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lgan fuqarolarning 16 foizi vaksinaning koronavirusdan samarali himoya qilishiga shubhalanishini ta’kidlagan. Ularning fikricha, «bugungi kundagi mavjud vaksinalar ularning xavfsizligini va samaradorligini tasdiqlashi mumkin bo‘lgan yetarlicha tadqiqotlar va klinik sinovlardan o‘tmagan».

8,6% respondentlar emlanishni samarasiz, deb hisoblaydilar. Ular koronavirusga qarshi mavjud vaksinalar aholining kasalni yuqtirish xavfini kamaytirishi va ularning hayoti va salomatligini himoya qilishi mumkinligiga ishonishmayotganiligini ma’lum qilishgan.

Telefon orqali so‘rov o‘tkazish vaqtida emlanish kerakmi yoki yo‘qligi borasida aniq pozitsiyaga ega bo‘lmagan guruh ham aniqlangan.

«Ijtimoiy fikr» COVID-19 ga qarshi vaksinalar haqida, ular ta’minlaydigan himoya darajasi haqida tekshirilgan ilmiy ma’lumotlarga asoslangan ishonchli axborotni taqdim etishga qaratilgan axborot ishlarini faollashtirish zarurligini ta’kidladi.

«Ijtimoiy so‘rov natijalari shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunning asosiy vazifalaridan biri aholi o‘rtasida ommaviy emlash zarurligi haqida ma’rifiy ishlarni olib borish, ayrim fuqarolarning emlashdan oldingi qo‘rquv va mutaassiblikni yengish», deyiladi xabarda.