6 avgust kuni AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USIAD) O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi uchun xalqaro nashriyotlar tomonidan ishlab chiqilgan ikkita turkum darsliklarga litsenziyalar sotib olinganini e’lon qildi. Bu haqda Amerikaning mamlakatdagi elchixonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

10 mln AQSh dollari qiymatiga teng turkum 5−11-sinflar uchun «Informatika va axborot texnologiyalari» fani bo‘yicha darslik va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar, shuningdek, 1−11-sinflar uchun «Xorijiy til — ingliz tili» fanidan darsliklar, ish daftarlari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalardan iborat. O‘zbekiston kontekstiga moslashtirilgan darsliklar 2021−2022-o‘quv yilida 200 ta maktabda sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu darsliklarning respublika bo‘yicha 6,5 milliondan ortiq o‘quvchi o‘rtasida taqsimlanishi 2022−2023-o‘quv yilidan boshlanadi.

Darsliklarga qo‘shimcha ravishda, USAID Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda USAID moliyalashtiradigan «O‘zbekistonda barkamollik uchun ta’lim dasturi» doirasida ishlab chiqilgan «Ona tili» va «Matematika» (1−4-sinflar), shuningdek, «Informatika va axborot texnologiyalari» (5−11-sinflar) fanlaridan ta’lim standartlarini topshirdi. Xalqaro andozalarga maksimal moslashtirilgan ushbu yuqori sifatli asosiy hujjatlar Xalq ta’limi vazirligiga ta’lim tizimini modernizatsiya qilishda yordam beradi.


«Yuqori sifatli ta’lim — taraqqiyotning kuchli drayveri hamda qashshoqlikni kamaytirish va sog‘liqni saqlash, gender tengligi, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning eng kuchli vositalaridan biri. Bolalar bilim olib, muvaffaqiyat qozonsa, ular o‘z hayotini va o‘z mamlakatini o‘zgartiradigan kattalarga aylanadilar», — dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum. «Qo‘shma Shtatlar Xalq ta’limi vazirligini va umumiy o‘rta ta’lim sohasida tizimli va keng qamrovli islohotlar dasturiga sodiqligini qo‘llab-quvvatlaydi», — qo‘shimcha qildi u.


«Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi va hukumatidan, shuningdek, USAIDdan ta’lim sohasini isloh qilish borasidagi sa’y-harakatlarimizning ko‘p jihatlariga doimiy ko‘mak va yordam ko‘rsatgani uchun minnatdormiz», — dedi O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. «Ma’lumki, so‘nggi bir necha yil ichida Prezidentimizning rahbarligi ostida hukumat ta’lim sohasida sezilarli rivojlanishga erishdi. Biz tez rivojlanayotgan dunyoda tez o‘zgaruvchan texnologiyalar bilan yashayotganimiz sababli bolalarimizni ingliz tili va informatsion texnologiyalar ko‘nikmalariga ommaviy ravishda o‘rgatishga e’tibor qaratdik. Ishonchim komilki, hamkorlarimiz yordamida biz farzandlarimizga zamonaviy dunyoda intilish va o‘z salohiyatini to‘liq ochib berishga imkoniyat yaratib beramiz».

USAID Xalq ta’lim vazirligini islohotlarni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlash uchun 2019-yilning sentabr oyida besh yillik Ta’lim tizimini rivojlantirishda ko‘maklashish grant shartnomasini (DOAG) imzoladi. Ushbu shartnoma AQSh va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida rivojlanish bo‘yicha birinchi keng qamrovli ikki tomonlama grant shartnomasidir.


Bugungi kunga kelib DOAG doirasida 19,5 million AQSh dollari ajratildi. Bugun USAIDning O‘zbekistondagi Missiyasi direktori Mikaela Meredit va O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov DOAG doirasida yana 5,5 million AQSh dollari ajratishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha hujjatni imzoladi. Bu mablag‘lar yoshlarning ishga kirishidan oldin ularning tadbirkorligi va ishga tayyorligini oshirish uchun ishlatiladi.