Bugun, 6 avgust kuni «Termiz» umumqo‘shin dala-o‘quv maydonida O‘zbekiston va Rossiya Qurolli Kuchlari hamkorligidagi «Janub-2021» o‘zbek-rus qo‘shma o‘quvining asosiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘quvlarni O‘zbekiston mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari — Qurollii Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov hamda Rossiya Qurolli Kuchlari bosh shtabi boshlig‘i — mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari armiya generali Valeriy Gerasimov bevosita kuzatib bordi.

Dastlab ikki davlat harbiylari o‘quv rejasiga asosan birgalikda, shartli noqonuniy qurollangan jangari to‘dalarni turli sharoitlarda zararsizlantirish bo‘yicha maxsus operatsiya harakatlarini olib borishdi.

O‘quv rejasiga ko‘ra, Davlat chegarasini buzib kirib, keyinchalik hududning aholi yashash punktlaridan biriga joylashib olgan bir guruh noqonuniy qurollangan shartli dushman haqida uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida razvedka ma’lumotlari olindi.

Qo‘shinlarning birlashgan turkumi qo‘mondonligi tomonidan vaziyat har tomonlama baholanib, dushmanni yakson qilish maqsadida birgalikdagi operatsiya o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Qarorga asosan, ikki davlat bo‘linmalari hamkorlikda turli taktik harakatlarni (marsh yurishi, desantlash) amalga oshirib, belgilangan hudud va himoya chizig‘ini egallashdi. Shundan so‘ng dushmanga aviatsiya, artilleriya, zirhlangan jangovar texnikalar va barcha turdagi o‘t ochish vositalari yordamida zarbalar berilib, ularning kuch tuzilmalari butunlay yo‘q qilindi.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, aviazarbalar Rossiya Havo-kosmik kuchlarining tovush tezligidan yuqori tezlikda uzoq masofaga parvoz qiluvchi to‘rtta Tu-22M3 bombardimonchi samolyoti tomonidan berildi (video).

«Amaliy harakatlar jarayonida Tu-22M3 ekipaji Saratov viloyatidagi operativ aerodromdan havoga ko‘tarilib, parvozni amalga oshirdi va Termiz poligonidagi shartli jangarilarning niqoblangan lagerlari va qurol-aslahalar omborlari bo‘yicha vazifani bajardilar», — deyiladi xabarda.

Bombardimonchilarni O‘zbekiston Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlarining bir juft MiG-29 qiruvchisi himoyalab bordi.