Bugun «Milliy tiklanish» partiyasi prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini e’lon qildi. Unga ko‘ra, partiya rahbari Alisher Qodirov prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ilgari suriladi. Uning nomzodi avgust oxirida partiya s’ezdida ham ma’qullanishi kerak.

Bugun partiya markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumidan keyin bo‘lib o‘tgan brifingda Alisher Qodirov jurnalistlar savoliga javob berdi. Unda «Milliy tiklanish» DP rahbari bir qator savollarga javob berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

U joriy yildagi saylovlar avvalgilaridan farq qilishini aytib o‘tdi. Shuningdek, partiya ushbu saylovda g‘olib bo‘lishni xohlayotganini ta’kidladi.

«Bizning taxminimiz bir narsada — O‘zbekiston yangilandi va O‘zbekistonda yangi saylovlar bo‘ladi. Biz tarixda ko‘p ko‘rganmiz. Lekin hozir yangi O‘zbekistonda butunlay yangi saylovlar bo‘lishiga ishonamiz. Ushbu saylovlarda yagona maqsadamiz — O‘zbekistonga o‘z dasturlarimizni taqdim etish va yagona saylovchi bo‘lgan o‘zbek xalqini xulosasi va qaroriga bo‘ysunish. Niyatimiz — yutish», — dedi Alisher Qodirov.

U saylovlarda yutib, prezident bo‘lgan taqdirda birinchi bo‘lib qanday islohotni amalga oshirishi haqida ham fikr bildirdi.

«Bu dasturimizda belgilangan. Lekin partiya o‘zining shiorlariga sodiq qolgan holatda ta’lim va tarbiya sohasini birinchi o‘rinda ustuvor vazifa sifatida isloh qilishni oldiga maqsad qilib qo‘ygan», — deydi «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari.

«Aholining qaysi qatlamlarining ovozi uchun kurashmoqchisiz?» degan savolga Alisher Qodirov quyidagicha javob berdi.

«Bizning ishonchimiz komil, agarda dasturlarimizdagi vazifalarni xalqimizning barcha qatlamlariga to‘g‘ri yetkazib bera oladigan bo‘lsak, juda keng qatlamni barchasining ishonchiga erishishimiz mumkin», — dedi u.