6 avgust kuni Turkmanistondagi «Avaza» milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qilgan sammitda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, BMT bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German ishtirok etdi.


Shavkat Mirziyoyev Avazada tashkil etilgan navbatdagi uchrashuvida so‘zlagan nutqida «umumiy siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida bugun mintaqa yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanib borayotganini» ta’kidladi.

«Bu yerda yangi siyosiy muhitni shakllantirishda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvlarining o‘rni beqiyos. Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlarimiz mintaqaning betakror salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mazkur Maslahat uchrashuvi Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish bo‘yicha qat’iy qadamlarni taqozo etayotgani ta’kidlandi.

Davlat rahbari dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etib, qator takliflarni ilgari surdi.

Uchrashuv doirasida Markaziy Osiyo ichidagi savdoni kengaytirish zarurligi, to‘laqonli erkin savdo rejimiga o‘tish maqsadida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish muhim ekani qayd etildi.

Prezident matbuot xizmati ta’kidlashiga ko‘ra, buning uchun mamlakatlar tadbirkorlari va hududlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni rag‘batlantirish, investitsiya va iqtisodiy forumlarni muntazam o‘tkazib borish lozim.

Shavkat Mirziyoyev Savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish fursati kelganini aytdi.

«Markaziy Osiyoning transport-tranzit salohiyatini samarali ishga solish mintaqa mamlakatlarining umumiy strategik manfaatlariga mos keladi. Keng rivojlangan va integratsiyalashgan transport tizimi Yevroosiyo qit’asining muhim tranzit «xab"iga aylanishga qodir», — deya qo‘shimcha qildi prezident.


Shu munosabat bilan prezident mavjud transport yo‘laklari va infratuzilmasini, shu jumladan, Kaspiy dengizi portlari, yirik transchegaraviy logistika markazlarini imkon qadar to‘liq quvvat bilan ishlashini ta’minlashga chaqirdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston kelajakda «Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshavor» transafg‘on yo‘lagi, «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» avtomobil va temir yo‘llari imkoniyatlaridan foydalanish niyatida ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Sanitariya talablariga rioya qilgan holda transport qatnovlarini to‘liq tiklash muhim ekani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlarining Elektr energetikasi muvofiqlashtiruvchi kengashini faollashtirish, uning mandati va vakolatlarini kengaytirish hamda mamlakatlarning kengashdagi vakillik darajasini oshirishni taklif qildi.

Uchrashuv doirasida pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdagi muammolar o‘tkir tus olganiga e’ibor qaratildi. Dunyoning ayrim mintaqalarida narxlar o‘sishi va asosiy oziq-ovqatlarning yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Davlat rahbari mintaqa mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, birinchi yig‘ilish kun tartibiga oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha mintaqaviy tizimni joriy qilish masalasini kiritish taklifini bildirdi. Bu oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda ularning sifatini nazorat qilish, shu jumladan, jahon bozoriga yetkazish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar va qo‘shma dasturlarni belgilab olishga xizmat qilishi kutilmoqda.


Pandemiyaga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish va o‘zaro yordam ko‘rsatish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Shavkat Mirziyoyev shu maqsadda test natijalari va emlash sertifikatlarini tan olish bo‘yicha yagona axborot tizimini ishga tushirish, yuqumli kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolash, tibbiyot xodimlarini tayyorlash sohasidagi tajriba almashishni kengaytirish, farmakologiya sohasida ilmiy hamkorlikni hamda hayotiy muhim dori vositalarini ishlab chiqarishda kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish takliflarini ilgari surdi.

O‘zbekiston rahbari mintaqaning ekologik muammolari hamisha diqqat markazida bo‘lishi kerakligi va bu boradagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Prezident mamlakatlarning iqlim o‘zgarishlariga moslashishiga, resurs tejovchi texnologiyalarning yana keng joriy etilishiga xizmat qiladigan «Markaziy Osiyo uchun „yashil“ kun tartibi» mintaqaviy dasturini ishlab chiqishni taklif qildi.

O‘zbekiston yetakchisi mintaqaning dunyoning boshqa yirik mintaqalari bilan aloqalarini mustahkamlash muhim ekanini qayd etdi. Yaqinda Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha xalqaro konferensiyani qo‘llab-quvvatlagani va delegatsiyalari unda faol ishtirok etgani uchun davlat rahbarlariga minnatdorlik bildiri.

Umumiy sa’y-harakatlar bilan ushbu masala bo‘yicha BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishi, bu jarayonda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi ham faol ishtirok etishiga ishonch bildirildi.

«Mamlakatlarimiz taraqqiyotida mintaqa aholisining aksariyatini tashkil etayotgan yoshlar muhim o‘rin tutishini barchamiz anglab turibmiz. Butun dunyoda yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash davom etayotgan bugungi kunda Markaziy Osiyo kelajagining hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari kelgusi yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazishni taklif etdi. Bu mamlakatlar hukumatlari va yoshlari o‘rtasida ishonch va do‘stlikni mustahkamlash, ular o‘rtasida interfaol muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun platforma shakllantirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyoning madaniy merosiga bag‘ishlangan festivallar, madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, birgalikda kitoblar nashr qilish muhim ekanini ta’kidladi.

Davlat rahbari turizm xizmatlarining butun doirasini qamrab oladigan «Bir sayohat — butun mintaqa» qo‘shma dasturini amaliy ro‘yobga chiqarish taklifini ilgari surdi.

«Bugungi sammit muhim voqea — davlatlarimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligi arafasida o‘tayotgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu yillar barchamiz uchun qiyin davr bo‘ldi. Asosiy xulosa shuki, birgalikda, jips bo‘lib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, oldimizda turgan muammolarning yechimiga erishamiz, mintaqaning barqaror taraqqiyoti va aholi farovonligini oshiramiz. Boshqa muqobil yo‘l yo‘q»! — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U shuningdek, mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga barqaror tus berish, shu maqsadda «xalq diplomatiyasi», parlamentlar, fuqarolik jamiyati institutlari va media sohasi salohiyatidan yana keng foydalanish muhim ekani qayd etdi.

«Markaziy Osiyo ayollari muloqoti yanada rivojlanayotgani, gender tenglik sohasidagi global maqsadlarga erishishga qaratilgan muloqotlar kengayib borayotganini olqishlaymiz», — deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Toshkent shahrida Mintaqaviy parlament forumini o‘tkazishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqini yakunlar ekan, davlatimiz rahbari Maslahat uchrashuvining natijalari Markaziy Osiyodagi birodar xalqlarning ko‘p qirrali sherikligini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.