«Milliy tiklanish» DP 2021 yilgi prezidentlik saylovlariga partiya rahbari Alisher Qodirovni nomzod sifatida ko‘rsatmoqchi ekanligini e’lon qildi. Bu haqda partiya markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Alisher Qodirov Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Davlat mulk qo‘mitasi tizimlarida turli lavozimlarda, shuningdek, Ma’naviyat va ma’rifat markazining rahbari vazifasida faoliyat yuritgan. 2015 yildan buyon Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati hisoblanadi.

Endilikda «Milliy tiklanish»ning prezidentlikka nomzodi partiyaning 26 avgustda bo‘lib o‘tadigan s’ezdida tasdiqlanishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan prezidentlik saylovlarida Narzulla Oblomurodov, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Bahrom Abduhalimov nomzodlari e’lon qilingan.

Ma’lumot uchun, Saylov kodeksining 64-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyaning rahbari O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olish uchun Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etishi kerak.

Siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarida O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosi bo‘lishi kerak. Bunda siyosiy partiya bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) imzolar umumiy sonining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin.

O‘zbekistonda prezident saylovlari kuni 24 oktyabrga belgilangan. Saylov kampaniyasiga 23 iyulda start berildi.