5 avgustdan O‘zbekiston bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. DTM tomonidan ushbu imtihonlarni o‘tkazish qoidasini buzganlar aniqlanmoqda. 6 avgust kuni ham ijtimoiy tarmoqlarda imtihonlardagi test savollari tashqariga chiqishni boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Davlat test markazi izoh berdi.

DTMning ta’kidlashicha, matematika fanidan test topshiriqlari aks etgan 1185323 raqamli test topshiriqlari kitobi 2021−2022-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarinig bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlariga tegishli emas. Qayd etilishicha, ushbu test kitobi diagnostik test sinovlariga taalluqli bo‘lib, 17 may kuni Qarshi shahridagi akademik litseylardan birining o‘quvchilari uchun buyurtma qilingan. Diagnostik test natijasiga ko‘ra talabgor 90,5 ball (280,5 balldan) to‘plagan.

Foto: Davlat test markazi

Boshqa holatda, kimyo fanidan test topshiriqlari aks etgan 1155745 raqamli test topshiriqlari kitobi 5 avgust kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan test sinovlariga taalluqli ekanligi aniqlangan. Mazkur abituriyent test sinovi vaqtida telefondan foydalangani videokuzatuv orqali aniqlanib, «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi» низомнинг 52-bandiga muvofiq test sinovidan chetlashtirilgan.

Foto: Davlat test markazi

Yana bir holatda majburiy fanlar blokining O‘zbekiston tarixi va matematika fanlaridan test topshiriqlari aks etgan 1186266 raqamli test topshiriqlari kitobi 5 avgust kuni Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan test sinovlariga taalluqli bo‘lib, mazkur abituriyent test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtib, tashqariga olib chiqqani uchun «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi» nizomning 52-bandiga muvofiq test sinovidan chetlashtirilgan.

Foto: Davlat test markazi

Biologiya va kimyo fanlaridan test topshiriqlari aks etgan 1235875 raqamli test topshiriqlari kitobi 6 avgust kuni Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan test sinovlariga taalluqli bo‘lib, mazkur abituriyent test sinovi vaqtida telefondan foydalanayotgani aniqlanib, dalolatnoma asosida test sinovlaridan chetlashtirilgan.

Foto: Davlat test markazi

Eslatib o‘tamiz, 5 avgust kuni ham Davlat test markazi ijtimoiy tarmoqlarda imtihonlardagi test savollari tashqariga chiqishni boshlagani haqidagi xabarlarga izoh bergan edi.