O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston (CCBU) ustav kapitalidagi 57,118% davlat ulushini Coca-Cola İçyecyek A.Ş." (CCI, Turkiya) kompaniyalar guruhiga, unga to‘liqligicha qarashli bo‘lgan CCI International Holland B.V. sho‘’ba korxonasi orqali 252,28 million AQSh dollariga sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda 6 avgust kuni agentlik matbuot xizmati xabar qildi.

Bitim Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan ma’qullangan. Bitimni yakunlash jarayoni tartibga soluvchi organlar tomonidan beriladigan muayyan ruxsatlar olinishini talab qiladi.

Mazkur bitim xalqaro amaliyotda qabul qilingan va O‘zbekiston qonunchiligi talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi farmoniga asosan, ommaviy oshkora sotuv jarayoni shaklida tashkil etildi. Davlat ulushining mazkur sotuv jarayoni Rothschild & Co agentlikning moliyaviy maslahatchisi, Dentons esa yuridik maslahatchisi sifatidagi ishtirokida amalga oshirildi.

Coca-Cola Bottlers Uzbekistan — O‘zbekistondagi yirik gazlangan alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi hisoblanib, Toshkent, Namangan va Urganchda ishlab chiqarish quvvatlari va omborlari mavjud. 2020 yil yakunlari bo‘yicha kompaniyaning sof daromadi 205 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Coca-Cola İçecek esa Coca-Cola tuzilmasidagi yirik korxonalardan hisoblanadi. Uning asosiy egalari Anadolu Efes va The Coca-Cola Company.

CCBU ustav kapitalidagi davlat ulushining sotilishi to‘g‘risidagi e’lon DABA tomonidan o‘tgan yilning dekabrida e’lon qilingan edi. Coca Cola İçecek yanvarda birinchilardan bo‘lib tenderda ishtirok etishga ariza topshirdi.