Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun strategik ahamiyatga va qulay geografiyaga ega bo‘lgan Afg‘oniston ushbu mintaqa mamlakatlari uchun haligacha xavf tug‘dirmoqda. Mustaqil tadqiqotchi Akram Umarov «Gazeta.uz» uchun maqolasida Afg‘onistonning bog‘lovchi roli va mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish yo‘lidagi muammolar haqida yozadi.

So‘nggi oylarda Afg‘onistonda mojaroning avj olishi va ixtilofdagi tomonlar o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar soni oshgani kuzatilmoqda. Qariyb 20 yil davomida mamlakatda vaziyatni nazorat qilgan xalqaro koalitsiya qurolli kuchlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi ixtilofdagi siyosiy kuchlar o‘rtasida mavjud o‘ziga xos muvozanatga putur yetkazadi va Qobuldagi Afg‘oniston hukumati nazorat qiladigan hududlarning tez orada kamayishiga olib kelishi mumkin.

Kelgusi oylar mamlakatda vaziyat qanday tus olishida hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Bunday sharoitda, O‘zbekiston uchun eng to‘g‘ri yo‘l — bu ўзбек-afg‘on chegarasi hududini mustahkamlash va beqaror vaziyat Afg‘onistondan tashqariga tarqalishi oldini olish maqsadida o‘z xavfsizligini ta’minlashga e’tiborni kuchaytirish bo‘ladi.

Biroq, rasmiy Toshkent bunday qarorlar faqat cheklangan va qisqa muddatli ta’sirga ega bo‘lishini tushunadi. O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaradosh bo‘lgan beqarorlik o‘chog‘ini uzoq muddatga barqarorlashtirmasdan mamlakat va butun Markaziy Osiyo (MO) mintaqasining barqaror iqtisodiy rivojlanishi, transport yo‘laklarining diversifikatsiya qilinishi, shuningdek, Janubiy Osiyo bilan bog‘lanish haqida fikr yuritish juda mushkul.

So‘nggi 40 yil ichida Afg‘onistondagi vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilishga urinishlarning muvaffaqiyatsiz yakun topganligi mamlakatda mojaroli vaziyatni tinchlantirishning yangi usullarini izlash zaruriyatini ko‘rsatmoqda. Aynan Afg‘oniston hududlarini qo‘shni davlatlar va mintaqalar bilan yaqindan bog‘lovchi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar, shuningdek tinch muzokaralarni qo‘llab-quvvatlovchi fasilitatorlik vazifasini bajarish orqali turli xil afg‘on siyosiy kuchlari o‘rtasida murosa izlashga dastlabki turtki berish mumkin.

2001 yildan keyin Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun xalqaro kuchlarning jalb qilinishi bilan ushbu davlat qo‘shni mamlakat barqarorligidan manfaatdor bo‘lgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni tiklash uchun muhim maydonga aylandi. Shu nuqtai nazardan, ilgari Yevroosiyo mintaqalarini ajratib turuvchi bufer hududi bo‘lib xizmat qilgan Afg‘oniston bosqichma-bosqich ravishda Markaziy va Janubiy Osiyoni birlashtiradigan yangi makro mintaqaning markaziga aylanishga intilmoqda.

Biroq, Afg‘onistondagi hukumat kuchlari va boshqa qurolli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlarning avj olishi, shuningdek, mamlakatning turli viloyatlari vakili bo‘lgan siyosiy liderlar o‘rtasidagi ziddiyatlar davlat birligiga tahdid solmoqda. Qobuldagi hokimiyatning kechikkan, bir lahzali va kuchsiz javobi fonida «Tolibon» harakatining Afg‘onistonning turli viloyatlarida va tumanlarida keng tarqalishi ushbu mamlakatda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni yanada yomonlashtiradi va mojaroning kelajakda qanday rivojlanishi bo‘yicha noaniqlik darajasini keskin ravishda oshiradi.

Afg‘oniston mintaqalar o‘rtasidagi ko‘prik sifatida

Afg‘onistonning o‘ziga xosligi shundaki, mamlakat Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘z hududidan o‘tuvchi chegaralarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro tushunish va ishonch chegarasiga hamda ko‘p qirrali taraqqiyot hududiga o‘zgartirishi mumkin. Ehtimol, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘ziga xos chegara Afg‘onistonning markaziy viloyatlari orqali o‘tadi, shu bilan birga mamlakatning shimoliy va shimoli-g‘arbiy viloyatlari geografik jihatdan Markaziy Osiyoga, janubiy va sharqiy viloyatlari esa Janubiy Osiyoga yaqinroq. Afg‘oniston Islom Respublikasining (AIR) deyarli butun markaziy qismi bo‘ylab cho‘zilgan Gindikush tog‘ tizimi Shimoliy Afg‘onistonni mamlakatning qolgan qismidan ajratib turadi.


Afg‘onistonning ajralib qolgan viloyatlarini birlashtiradigan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning kuchayishiga olib keladi. Mintaqalarni bog‘laydigan eng qisqa yo‘l sifatida Afg‘onistonni kesib o‘tadigan avtomobil va temir yo‘llarning qurilishi nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikning o‘sishiga, balki siyosiy, madaniy va ijtimoiy aloqalarning mustahkamlanishiga ham turtki berishi mumkin.

Boshqa tomondan, yirik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish ish o‘rinlari yaratilishi, davlat byudjeti daromadlarining ko‘payishi hamda avtomobil va temir yo‘llarning samarali ishlashini ta’minlash uchun xizmat zanjirlarining shakllanishiga olib kelishi mumkin.

Iqtisodiy rivojlanishning eksportga yo‘naltirilgan modellarini hisobga olgan holda, Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqada ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarni yangi savdo bozorlariga sotishga ehtiyoji katta. O‘tgan asrda hozirgi postsovet hududi Markaziy Osiyo davlatlari uchun asosiy bozor bo‘lib xizmat qildi. Ijobiy natijalar bilan bir qatorda eksport yo‘nalishlarining bunday bir tomonlama rivojlanishi mintaqaning eng maqbul savdo bozorlarini tanlash bo‘yicha imkoniyatlarini qisqartiradi.

Bundan tashqari, ushbu hududdagi mamlakatlar aholisi 1989 yildan 2019 yilgacha 285,7 dan 297,8 million kishiga, jami 4,2 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, bu o‘sishga asosiy hissani Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlatlari qo‘shishgan bo‘lsa, qolgan postsovet davlatlarida aholi soni doimiy ravishda kamayib bormoqda, bu 2050 yilga kelib 284 milliongacha kamayishi va Nigeriya kabi mamlakat aholisidan kamroq bo‘lishi mumkin.

Janubiy Osiyoda aholi soni 1,95 milliard kishini tashkil qilishi, iqtisodiy rivojlanishning yuqori sur’atlari kuzatilayotganligi va dunyoning bu qismida Hindiston va Pokiston kabi yetakchi mintaqaviy kuchlarning mavjudligi mintaqani Markaziy Osiyo uchun jozibador hamkorga aylantiradi.

«Mozori Sharif — Qobul — Peshovar» temir yo‘l loyihasi to‘liq amalga oshirilishi bilan Pokistondan O‘zbekistonga yuk tashish uchun 35 kun emas, 3−5 kun sarflanishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, konteynerni Toshkentdan Karachiga yetkazish narxi taxminan 1400−1600 dollarga teng bo‘ladi, hozir amaldagi «Toshkent — Bandar Abbos» yo‘nalishida bu xarajat 2600−3000 dollarni tashkil qilmoqda.

Mozori Sharifdan Peshovargacha bo‘lgan temir yo‘l qurilishi doirasida 264 ta ko‘prik, 7 ta tunnel va 641 ta suv o‘tkazgichli tizimli infratuzilma yaratiladi, bu Afg‘oniston va Pokistondagi kesib o‘tuvchi hududlarnining rivojlanishiga yordam berishi mumkin. Shu bilan birga, anchadan buyon Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga «CASA-1000» elektr uzatish liniyalarini hamda TAPH (Turmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston) transafg‘on gaz quvurlarini qurish loyihalari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. TAPH loyihasi qo‘shni mintaqalar orasidagi hamkorlikni yaxshilashi va qit’aning turli qismlarining iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirib, Yevroosiyoning Shimoli va Janubi o‘rtasidagi to‘liq bog‘liqlikni yaratishi mumkin.

Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish yo‘lidagi muammolar

Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining Afg‘oniston hududi orqali yaqinroq integratsiyasi jarayonida yuzaga keladigan istiqbolli imkoniyatlar bilan bir qatorda, ushbu yo‘lda uchrashi mumkin bo‘lgan bir qator qiyinchiliklarga ham to‘xtalib o‘tish lozim.

Birinchi. Afg‘onistondagi mavjud beqaror vaziyat har qanday loyihalarni amalga oshirishni qiyinlashtirmoqda, yuqori investitsion xavfi bo‘lgan katta sarmoyalarni va yuqori xavfsizlik darajasini ta’minlagan holda ko‘plab xorijiy va mahalliy mutaxassislarga ehtiyoji bo‘lgan yirik infratuzilma obyektlari haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Toliblarning mamlakatning turli viloyatlarida hujumlar uyushtirib, vaziyatni o‘z tomonlariga og‘dirish uchun faol urinishlari hamda Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» harakati o‘rtasida bilan 2020 yil sentyabr oyida Dohada ishga tushirilgan tinchlik muzokaralari jarayonida kuzatilayotgan turg‘unlik fonida xalqaro koalitsiya qo‘shinlarining Afg‘onistondan jadal sur’atlarda olib chiqib ketilishi ixtilofdagi tomonlar o‘rtasida kelishuv yechimlarini tez orada topish imkoni yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

Qo‘shni Afg‘onistondagi mojaroning kuchayishiga javoban Markaziy Osiyo mamlakatlari harakatlarining yetarli darajada muvofiqlashtirilmaganligi xavotirli holatdir. Mintaqa chegaralari xavfsizligini ta’minlash hamda Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik tuzilmalarining tezkor ma’lumotlar va kontaktlar bilan almashish bo‘yicha kelishilgan harakatlariga bo‘lgan ehtiyoj bilan bir qatorda mintaqa davlatlari rahbarlarining Afg‘onistondagi mavjud vaziyat bo‘yicha umumiy pozitsiya va vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida uni tartibga solish bo‘yicha takliflar yuzasidan qo‘shma bayonotini e’lon qilish muhim ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, afg‘on qurolli kuchlarining jangovar qobiliyati va ularning mamlakat ichidagi hududlarni nazorat qilish darajasi sust va zaif bo‘lib qolmoqda. Afg‘oniston rahbariyati turli vakillarining harakatlarida mamlakatning hozirgi va kelajakdagi rivojlanishi masalalari bo‘yicha kelishmovchiliklar va raqobat kuzatilmoqda. Qobuldagi Afg‘oniston hukumatining ichki tarqoqligi va boshqaruv tizimidagi ko‘zga ko‘rinib turgan kamchiliklar mamlakatda muhim loyihalarni amalga oshirishda ular bilan muzokara olib borish uchun imkoniyatlarni cheklamoqda. Bunday holat hukumat bilan tuzilgan deyarli har qanday kelishuv xatarini sezilarli darajada oshiradi.

Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini bog‘lovchi rejadagi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, shubhasiz, hozirgi tanglikdan chiqib, Afg‘onistondagi mavjud mojaroni hal qilishni talab qiladi. Hokimiyat tepasiga mamlakatdagi mavjud tanglik holatidan chiqishga qodir va chet el investitsiyalarining xavfsizligini kafolatlay oladigan aholi tomonidan keng miqyosda qo‘llab-quvvatlanadigan hukumatning kelishi muhim. Afg‘onistonning ko‘plab qo‘shnilari va hamkorlari Qobulda kutilmagan harakatlar qilmaydigan, barqaror, konsolidatsiyalashgan va muzokara olib borish qobiliyatiga ega, Afg‘onistonni Markaziy Osiyodagi savdo-iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilish bo‘yicha uzoq muddatli dialog olib borish mumkin bo‘lgan hukumat bilan ishlashni istaydilar. Aks holda, ushbu mamlakatda muhim transport va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish juda mushkul bo‘ladi.

Ikkinchi. Afg‘oniston hukumati va Pokiston rahbariyati o‘rtasidagi mavjud kelishmovchiliklar Afg‘oniston hududi orqali Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida birlashtiruvchi ko‘prik yaratish ishlarini qiyinlashtirishi mumkin. Afg‘oniston siyosiy isteblishmentida rasmiy Islomobodni salbiy tomondan qabul qiluvchi va uning afg‘on mojarosini hal qilishni qo‘llab-quvvatlash va muhim ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish bo‘yicha ezgu niyatlariga ishonmaydigan ko‘plab odamlar guruhi mavjud.

Ashraf G‘ani 2014 yilda prezidentlikka saylanganidan so‘ng uning ilk dasturiy maqsadlaridan biri Afg‘onistondagi urushni to‘xtatish uchun Pokiston bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish edi. 2014 yil noyabr oyida Pokistonga birinchi tashrifi chog‘ida u ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlash va ular o‘rtasida «haqiqiy va halol do‘stlik» o‘rnatish zarurligi haqida gapirdi. Biroq, keyinchalik munosabatlar yana yomonlashdi va e’lon qilingan hamkorlik rejalari amalga oshirilmay qoldi. Tomonlar ko‘pincha bir-birini qo‘shni mamlakat hududida buzg‘unchi harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblashadi.

Uchinchi. Nyu-Dehli va Islomobod o‘rtasidagi munosabatlarda saqlanib qolayotgan yuqori darajadagi ishonchsizlik va dushmanlik kayfiyati. Bu davlatlarning Afg‘oniston mojarosini hal qilish bo‘yicha munosabatlariga ham ta’sir qilmoqda.

Mamlakatni iqtisodiy tiklash va uning hududida yirik infratuzilma obyektlarini qurish bo‘yicha ilgari surilgan rejalar har doim ham Hindiston va Pokistonni teng ravishda jalb qilmaydi. Shu bilan birga, Hindiston Pokistonning AIRdagi ehtimoliy ustunligini cheklash maqsadida Afg‘oniston hukumatining Hindiston tomoni bilan hamkorlik bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Pokiston va Afg‘oniston siyosatlari o‘rtasidagi ziddiyatlardan foydalangan holda, Hindiston hukumati Afg‘oniston hududida o‘zining milliy manfaatlarini ilgari surish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida faol harakat qilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Nyu-Dehlining Qobul bilan yaqin aloqalari va mamlakatning turli viloyatlarida keng ishtiroki, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonida Hindistonning alohida ahamiyatini hisobga olgan holda, Afg‘onistonda Hindiston tomoni bilan kelishilmagan loyihalarni amalga oshirish muvaffaqiyatsiz va samarasiz bo‘lishi mumkin. Hindistonning faol ishtirokisiz va qiziqishisiz Markaziy va Janubiy Osiyo aloqalarini rivojlantirish jiddiy qarshiliklarga duch kelishi mumkin.

To‘rtinchi. Boshqa tashqi subyektlarning Markaziy Osiyo mamlakatlarining yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va Afg‘oniston orqali shimoliy transport yo‘lagiga muqobil bo‘ladigan janubiy yo‘lni yaratish bo‘yicha faol pozitsiyasiga nisbatan yuzaga kelish ehtimoli bo‘lgan salbiy munosobati yanada puxta va batafsil tahlil qilinishi lozim.

AIRda keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy obyektlarni amalga oshirish va uzoq muddatli istiqbolda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarini yagona makromintaqaga integratsiya qilishda Afg‘onistonning roli Markaziy Osiyodagi geosiyosiy va geoiqtisodiy holatni jiddiy ravishda o‘zgartirishi mumkin. Bu amalga oshgan taqdirda, shimoliy yo‘laklarning mintaqa davlatlari uchun ahamiyati biroz pasayishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan muvozanatli va ko‘pvektorli tashqi siyosat kursini olib borishga yordam berishi mumkin. Bunday sharoitda zarar ko‘rgan tranzit davlatlar turli xil vositalardan foydalangan holda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning jadal sur’atda rivojlanishini chegaralashga urinishlari mumkin.

Beshinchi. Afg‘onistonning ichki muammolari uning tashqi aloqalariga ham ta’sir qiladi. So‘nggi yillarda holat shunday tus oldiki, Afg‘oniston viloyatlari o‘z mamlakatlaridagi qo‘shni viloyatlar bilan emas, balki chegaradosh davlatlar bilan iqtisodiyot va xavfsizlik sohasidagi aloqalarni mustahkamlab borishmoqda.

Infratuzilma qurish, transchegaraviy almashinuv va savdo-sotiqni rivojlantirish orqali mamlakat rivojlanishiga yordam berishga harakat qilayotgan Afg‘oniston qo‘shnilari ma’lum darajada mamlakatning ichki dezintegratsiyasiga hissa qo‘shishmoqda. Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlikka Afg‘onistonning g‘arbiy va janubiy mintaqalarga nisbatan shimoliy viloyatlari kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, mamlakatning janubiy va sharqiy mintaqalari deyarli barcha sohalarda Pokiston va Janubiy Osiyoning xavfsizlik kompleksi bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan.

Bunday sharoitda Afg‘oniston viloyatlarining bog‘liqligini va integratsiyasini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan chinakam transafg‘on va milliy loyihalarni ilgari surish va maqsadli amalga oshirish juda muhimdir. Bunday rejalashtirish Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlardan ushbu mamlakat bilan transport-logistika, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ijtimoiy aloqalarni amalga oshirish siyosatini yanada samaraliroq muvofiqlashtirishni talab qiladi.

Afg‘oniston — Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi zaif ko‘prik

Bugungi kunda Markaziy va Janubiy Osiyo dunyo bo‘yicha integratsiya darajasi eng past bo‘lgan mintaqalar qatoriga kiradi. Muhim ichki muammolar bilan bir qatorda, Afg‘onistondagi beqarorlik omili Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari ichidagi va mintaqalararo o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ammo, ko‘p yillik tajriba shuni ko‘rsatadiki, Afg‘oniston masalasida har ikki mintaqa davlatlari tomonidan haddan tashqari sekyuritizatsiyalangan (faqat xavfsizlik masalalariga yo‘naltirilgan) tashqi siyosat yo‘nalishini olib borish Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari manfaatlari uchun konstruktiv natijalarni bera olmaydi.

Afg‘oniston muammosini desekyuritizatsiya qilish (faqat xavfsizlik masalalari bilan bog‘lashdan chetlashish), AIRni kesib o‘tadigan va Markaziy Osiyo hamda Janubiy Osiyo mintaqalarini bog‘laydigan muhim infratuzilma loyihalarini rejalashtirish va amalga oshirish Kaspiy dengizidan Hind okeanigacha bo‘lgan keng mintaqani siyosiy, madaniy-gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy integratsiyasiga turtki bo‘lishi mumkin.

Markaziy va Janubiy Osiyoda barqaror rivojlanish istiqbollari qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Barqaror, kutilmaydigan harakatlarni amalga oshirmaydigan va jadal rivojlanayotgan Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muhim ko‘prik, shuningdek zamonaviy sharoitlarda tarixiy Ipak Yo‘lini tiklashda muhim rol o‘ynashi mumkin. Shu bilan birga, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston mojarosini hal qilishdagi imkoniyatlarini real baholash, ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatish va keng qamrovli mintaqalararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni cheklaydigan bir qator jiddiy muammolarning mavjudligi bu ikki mintaqani integratsiya qilish va Afg‘onistonda murosali tinchlikni o‘rnatish maqsadida nostandart yechimlarni ishlab chiqish uchun mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tish zarurligini ko‘rsatib turibdi.

Akram Umarov — O‘zbekistonlik mustaqil tadqiqotchi.