AQSh hukumati ishlab chiqayotgan rejaga muvofiq, mamlakat hududiga kirayotgan barcha chet elliklar, ayrim istisnolarni hisobga olmaganda, COVID-19 ga qarshi to‘liq emlangan bo‘lishi kerak. Bu haqda NBC News, CNN, The New York Times va boshqa OAV xabar qildi.

Rejaning AQSh o‘z chegaralarini qaytadan ochadigan vaqtga qadar tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Hukumatning bu boradagi rejalari to‘g‘risida Oq uy vakili jurnalistlarga ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, hukumat aviakompaniyalar va sayyohlik sanoatini qo‘llab-quvvalash uchun xalqaro turizmni qayta tiklashni xohlamoqda. Biroq COVID-19 holatlari soni ortayotgani va delta shtammi tarqalayotgani sababli amaldagi cheklovlarni bekor qilishga tayyor emas.

Hozirda mamlakatga uchib kelayotgan chet elliklar va AQSh fuqarolaridan koronavirusga salbiy PSR-test yoki COVID-19 dan tuzalgani to‘g‘risidagi ma’lumotnoma talab qilinadi. Eron, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Hindiston va boshqa ayrim davlatlardan sayyohlarning mamlakatga kirishi taqiqlangan.