Yengil atletika. Yettikurash bahslarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Yekaterina Voronina bugun yana uchta sport turi bo‘yicha bahslarni davom ettirdi. U uzunlikka sakrash sektoridagi chiqishida 6.11 metr natija qayd etib, o‘z guruhida uchinchi ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. Bu natija unga 883 ochko taqdim qildi.

Yekaterina Voronina. Foto: MOQ axborot xizmati

Keyingi bahsda u nayza uloqtirish sektoridagi bellashuvlarda ham ishtirok etdi. Voronina ushbu yo‘nalishda 49.88 metr ko‘rsatkich bilan 858 ochko qo‘lga kiritdi.

So‘nggi dasturda 800 metrga yugurish bahslarida Voronina 2 daqiqa 09 soniya 73 milisoniya vaqtda masofani bosib o‘tdi.

Shunday qilib, 7 ta dastur bo‘yicha kurash olib borgan Yekaterina Voronina umumiy jadvalda 12-o‘rinni egalladi va Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini tugatdi.

Yengil atletikaning balandlikka sakrash sektorida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik Svetlana Radzivil Tokio-2020 bilan xayrlashdi. U saralash doirasida 1.93 metr natijadan o‘ta olmadi. 1.90 metr balandlikni 3 urinishda zabt etgan Svetlana o‘z guruhida o‘ninchi natijani qayd etdi.

Svetlana Radzivil. Foto: MOQ axborot xizmati

Yana bir o‘zbekistonlik yengil atletikachi Safina Sadullayeva saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, final dasturida ishtirok etish imkonini qo‘lga kiritdi.

Safina Sadullayeva. Foto: MOQ axborot xizmati

Balandlikka sakrash yo‘nalishida Sadullayeva 1.95 metr balandlikdan o‘ta oldi. Umuman olganda, A va B guruhlarida ishtirok etgan atletlardan 14 ishtirokchiga 1.95 metrdan o‘tish nasib qildi.

Ushbu yo‘nalishning final bahslari 7 avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:35 da boshlanadi.

Erkin kurash. Erkin kurash ustasi Javrail Shapiyev bronza medali uchun o‘tish bosqichida shveysariyalik Stefan Reyxmut bilan kurashdi. Murosasiz kurashda Shapiyevning qo‘li baland keldi.


Javrail Shapiyev (qizil kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

86 kg vazn toifasida kurashgan o‘zbekistonlik Javrail Shapiyev Tokio-2020 bronza medali uchun kurash olib bordi. Ushbu bosqichda unga rossiyalik Artur Nayfonov raqiblik qildi.

Murosasiz kechgan kurashda rossiyalik polvon g‘alaba qozonib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Uchrashuvda 2:0 hisobi qayd etildi.

Yana bir o‘zbekistonlik erkin kurashchi G‘ulomjon Abdullayev bronza medali uchun o‘tish bosqichida ishtirok etdi. 57 kg vazn toifasida kurashgan Abdullayev unda mag‘lubiyatga uchradi.


G‘ulomjon Abdullayev (oq kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

Bekzod Abdurahmonov (74 kg) Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini boshladi. Dastlabki davrada o‘zbekistonlik kurashchi Puerto-Riko vakili Franklin Gomes bilan raqobat olib bordi.

Bekzod Abdurahmonov (ko‘k kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

Abdurahmonovning ustunligida o‘tgan bellashuv yakunda uning muddatidan avval g‘alabasi bilan xotima topdi.

Chorak final bellashuvida Bekzod Abdurahmonov rossiyalik Zaurbek Sidakovga qarshi bahs olib bordi. Ikki karra jahon chempioniga qarshi munosib kurashgan Abdurahmonov imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Keyingi bahslarda Zaurbek Sidakov final bosqichiga chiqqani uchun Bekzod Abdurahmonovda bronza medali uchun o‘tish bosqichida kurashish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Shu tariqa ertangi dasturda Abdurahmonov o‘tish bosqichida Gvineya-Bissau vakili Midana Augisto bilan kurashadi. Abdurahmonov uni mag‘lub eta olsa, bronza medali uchun Daniyar Kaysanovga qarshi gilamga chiqadi.

Shuningdek, ertaga bo‘lib o‘tadigan 97 kg vazn toifasining qur’a natijalari ham ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik Magomed Ibragimov dastlabki davrani turkiyalik Sulaymon Karadenizga qarshi o‘tkazadi.

Zamonaviy beshkurash. Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar zabt etgan yangi sport turi zamonaviy beshkurash bo‘ldi. Bugun ushbu sport turida saralash bahslari boshlandi.

Ayollar o‘rtasida o‘tkazilayotgan musobaqada Alise Faxrutdinova kurashga kirishdi. Reglamentga ko‘ra, dastlab qilichbozlik bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Alise Faxrutdinova (o‘ng tomonda). Foto: MOQ axborot xizmati

Faxrutdinova 35 jangdan 16 tasidan g‘alaba qozondi va bu unga 196 ochko taqdim qildi. Hozircha u 22-pog‘onada ketmoqda.

Yana bir o‘zbekistonlik beshkurashchi Aleksandr Savkin qilichbozlik bahslarida 35 ta jang o‘tkazdi. Ularning 7 tasida g‘alaba, 28 tasida mag‘lubiyat qayd etildi. Savchin 36 nafar sportchi ichida 36-o‘rinni egallab turibdi.

Xabar e’lon qilingan vaqtda O‘zbekiston ikkita oltin va bitta bronza medali bilan musobaqa jadvalining 32-pog‘onasini egallab turibdi.