Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida o‘zgarish ro‘y berdi. Badiiy gimnastika bo‘yicha yakkalik dasturida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan Sabina Tashkenbayeva o‘rniga Yekaterina Fetisova Olimpiadada qatnashadi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Sabina Tashkenbayevada koronavirus aniqlangan. Tashkenbayeva kvalifikatsion Jahon kubogi bosqichlari orqali mazkur Olimpiadaga yo‘llanma olgan edi. Qoidaga ko‘ra, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi Xalqaro gimnastika federatsiyasiga (FIG) bu haqida ma’lum qilgan. FIG bunday vaziyatda litsenzion o‘rinda Tashkenbayevadan keyingi o‘rinda turgan gimnastikachiga Tokio-2020 litsenziyasi berilishini ta’kidladi. Ushbu pog‘onadagi koreyalik sportchi ayni paytda yaxshi sport formasida emasligi uchun Olimpiadada ishtirok etolmasligi oydinlashdi.

Litsenzion reytingda undan keyingi pog‘onani boshqa bir o‘zbekistonlik gimnastikachi Yekaterina Fetisova egallagan. Fetisova yuqori sport formasida turgani uchun Tashkenbayevaning o‘rnini egallaydigan bo‘ldi. Shu tariqa, ertaga bo‘lib o‘tadigan yakkalik bellashuvlarining saralash dasturida Yekaterina Fetisova ishtirok etadi.

“Tokioda Olimpiya o‘yinlari davom etmoqda. Bu musobaqalarda O‘zbekiston gimnastika terma jamoasi safida men ham ishtirok etishim kerak edi. Ammo koronavirus meni ham chetlab o‘tmadi va ketish oldidan topshirgan test tahlilim ijobiy chiqdi. Shu sababli ham men Tokioda bo‘lib o‘tayotgan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmayman. Meni o‘rnimga Olimpiadada Yekaterina Fetisova ishtirok etadi, unga bo‘lajak musobaqada omad tilayman. Biz murabbiyim bilan Olimpiadada ishtirok etish uchun borimizni bergan edik va qiyinchilik bilan yo‘llanma olgandim. Afsuski, unda qatnasha olmaydigan bo‘ldim. Hozir men uchun juda ham qiyin davr. Milliy Olimpiya qo‘mitasi, federatsiya mutasaddilari, murabbiylarim va meni qo‘llab turgan boshqa barchaga minnatdorchilik bildirib qolaman”, — dedi Sabina Tashkenbayeva o‘zining Instagram sahifasida.