Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda «Sputnik V» vaksinasining komponentlari yetishmovchiligi kuzatilayotgani haqidagi xabarlarga javob berdi.

Qayd etilishicha, shu kunga qadar O‘zbekistonga 370 ming doza «Sputnik V» vaksinasi olib kelingan. Ularning 230 ming dozasi 1 — komponent, 140 ming dozasi 2-komponent hisoblanadi. 4 avgust holatiga ko‘ra, 341 ming 260 doza «Sputnik V» emlash jarayonlarida qo‘llanilgan bo‘lib, 212 ming 818 nafar shaxs vaksinaning faqat birinchi dozasini olgan. 128 ming 442 nafar fuqaro 2-dozani ham qabul qilib, to‘liq emlangan.

«Ma’lum bo‘lmoqdaki, vaksinaning har ikkala komponentlari miqdori tenglashishi uchun O‘zbekistonga yana 90 ming doza vaksina keltirilishi kerak. «Sputnik V»ning 90 ming dozalik 2-komponenti yaqin kunlarda O‘zbekistonga keltirilishi kutilmoqda», — deyiladi SSV xabarida.

Qolaversa, Gamaleya nomli ilmiy tadqiqot instituti direktori Aleksandr Ginsburg va sohaning qator nufuzli olimlari «Sputnik V» vaksinasining birinchi va ikkinchi komponentlari bilan emlanish oralig‘ini 21 kundan 90 kungacha uzaytirish mumkinligini ma’lum qilishgan.

«Xulosa qilish mumkinki, vaksinaning komponentlarini qabul qilish oraliq muddati uzayishi ham uning ta’sir kuchiga monelik qila olmaydi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyining o‘rtalarida O‘zbekistonga Rossiyadan «Sputnik V» vaksinasining 70 ming dozalik 1-komponenti, 20 ming dozalik 2-komponentini yetkazib berilgan edi.

Shuningdek, O‘zbekiston «Sputnik V» vaksinasini Rossiyadan sertifikat olinganidan keyin ishlab chiqaradi. Jurabek Laboratories ishlab chiqarish direktorining ma’lum qilishicha, kompaniya birinchi bosqichda 2 mln doza «Sputnik V» va 10 mln doza xitoy-o‘zbek vaksinalarini ishlab chiqarishni rejalashtirgan.