Namangan shahridagi oilaviy poliklinikada fuqaro noto‘g‘ri tashxis qo‘yganlikda shifokorni ayblab, u bilan mushtlashib ketganligi haqida xabar berilgan edi. Shifokorning yuz, bosh va qo‘l qismiga jarohatlar yetkazilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, shifokor U.A. olgan tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTTYOIM) Namangan filialiga murojaat qilgan.

Tibbiy tekshiruv davomida shifokor U.A.ga bosh miyaning yopiq shikasti, bosh miyaning kuchli chayqalishi, o‘ng qo‘l tirsak sohasini jiddiy zararlanishi, peshona, o‘ng chakka va o‘ng yuz yuqori qovoq sohasi kuchli qontalash tashxisi qo‘yilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinovning yozishicha, shifokor do‘pposlanganligi holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxs protsessual tartibda ushlandi.

Hozirda tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan fuqarolar — F.J. va F.B. larga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.