YUNISEF va JSST, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda, COVID-19 bo‘yicha tasdiqlangan ma’lumotlar bilan o‘z vaqtida tanishish imkonini beruvchi HealthBuddy+ chat botini O‘zbekistonda ishga tushirdilar. Bu haqda «Gazeta.uz»ga BMT bolalar jamg‘armasi YUNISEF xabar berdi.

HealthBuddy+ — Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiing Yevropa mintaqaviy byurosi va YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vakolatxonasi tomonidan ishlab chiqilgan dastur hisoblanadi. U mintaqadagi mamlakatlarga COVID-19 to‘g‘risidagi mish-mishlar va noto‘g‘ri ma’lumotlar bilan kurashishda yordam beradi. U Yevropa va Markaziy Osiyo malakatlarining mahalliy tillarida tayorlangan.

«Noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish — bu COVID-19ga qarshi kurashdagi eng katta muammolardan biri. Aniq va tasdiqlangan ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini beradigan ushbu vosita undan foydalanuvchilarga COVID-19 haqida xabardor bo‘lishga hamda virus va COVID-19 vaksinalari haqidagi mish-mishlarga ishonmasliklariga yordam beradi deb umid qilamiz», — dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nurmat Otabekov.

Ilovaning uchta asosiy funsiyasi bor — chatbot, mish-mishlar haqida xabar berish vositasi va foydalanuvchilarning so‘rov tizimi. HealthBuddy+ chat boti foydalanuvchilarning ularni qiziqtirgan savollarga javob berishga mo‘ljallangan. Agar javob bo‘lmasa, mutaxassislar guruhi ushbu savol bo‘yicha yangi ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilanoq chat botdagi ma’lumotlarni yangilaydilar.

Chat-bot pandemiya bilan bog‘liq turli mavzulardagi, jumladan COVID-19 simptomlari, yuqish yo‘llari, niqobdan foydalanish, jismoniy masofa saqlash, ruhiy salomatlik va vaksinani ishlab chiqish bo‘yicha ma’lumotlarni to‘playdi.

JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Liann Kuppens ta’kidlashiga ko‘ra, HealthBuddy+ O‘zbekistonda ishga tushirilishi «koronavirus va unga qarshi vaksinalar to‘g‘risida tarqalayotgan noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishini bartaraf etish va shu yo‘l bilan COVID-19ga qarshi choralar samaradorligini oshirishga yordam beradigan yana bir muhim bosqichdir».

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade HealthBuddy+ oilalar va bolalarni vaksinalar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlardan himoya qilishga yordam berishi mumkinligiga umid bildirdi.

Ilovani Google Play va App Store orqali yuklab olish mumkin. HealthBuddy+ shuningdek @HealthBuddyBot Telegram-botida ham mavjud.