Respublikada gulchilik va ko‘chatchilik sohalarini rivojlantirish, shu jumladan, gul yetishtirishda aholi bilan kooperatsiya munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, soha mutaxassislari malakasini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlariga ilmiy ishlanmalarni joriy etishda tadbirkorlarga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida Gul yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etildi. Bu haqda 4 avgustda qabul qilingan prezident qarorida aytilmoqda.

Hujjatga asosan Andijon viloyatining Andijon, Izboskan va Oltinko‘l tumanlarini, Namangan viloyatining Namangan va Davlatobod tumanlarini hamda Jizzax viloyatining Zomin va G‘allaorol tumanlarini gulchilikka ixtisoslashtiriladi. Bu yerda tajriba tariqasida gulchilik klasterlari tashkil qilinadi.

Gulchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik subyektlarining o‘z faoliyatlarini kengaytirishlari uchun 0,06 gektardan 1 gektargacha yer maydonlari ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga beriladi. Bundan tashqari «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga gul yetishtirish bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni o‘rgatish maqsadida uchun 25 ta «Gulchilik o‘quv poligon"lari tashkil etiladi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida Gulchilik magistratura mutaxassisligi yo‘nalishi ochiladi.

Toshkent davlat agrar universitetida Turkiyaning Isparta amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik sohasida kadrlar tayyorlashni qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

Ishsiz fuqarolarni gulchilik sohasiga o‘qitish maqsadida ikki oy muddatda Andijon viloyati Shahrixon tumani, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani va Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi agrotexnologiyalar texnikumlarida landshaft dizayni, gulchilik seleksiyasi va ko‘chatchilik yo‘nalishlarida o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Toshkent viloyatida «Gulchilikka o‘qitish markazi» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Unga Niderlandiya, Turkiya va Tailanddan malakali mutaxassislar jalb qilinadi.

Qarorga asosan, Gul yetishtiruvchilar uyushmasi uchun Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 20 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi. Ushbu mablag‘ xorijiy mamlakatlardan ekspert va mutaxassislarni jalb qilish, mahalliy kadrlarni tayyorlash, xalqaro gullar festivali va ko‘rgazmalarda ishtirok etish hamda ilmiy konferensiyalarni o‘tkazish, sohaga oid zamonaviy xorijiy adabiyotlarni olib kelish va tarjima qilish, gulchilik sohasiga oid mahalliy ilmiy ishlar, monografiyalar va nashrlarni rag‘batlantirish, gul turlari tizimini yaratish (sog‘lom va boshlang‘ich gul yetishtiriladigan ko‘chatxonalar) uchun sarflanadi.