Dehqonobod tumanida Toshkent shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Lacetti Xorazm viloyatida yashovchi haydovchi boshqarib kelayotgan Isuzu yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Kelib chiqqan yong‘in natijasida Lacetti avtomobilidagi to‘rt nafar fuqaro kuyib vafot etdi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, M39 xalqaro avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumanidan o‘tgan qismida Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi 53 yoshli fuqaro Sh. K. boshqaruvidagi Lacetti Termizdan Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib borayotgan 23 yoshli haydovchi boshqarib kelayotgan Isuzu yuk avtomobiliga urilgan. Oqibatda yong‘in kelib chiqqan.

“Tuman Favqulotda vaziyatlar bo‘limiga yong‘in haqida 14:25 da xabar kelib tushdi. O‘t o‘chiruvchilar voqea voqea joyiga 14:27 da yetib borib, yong‘in 14:29 da qurshab olindi va 14:45 da o‘chirildi”, — deydi tuman Favqulotda vaziyatlar bo‘limi mas’uli O‘tkirbek Yo‘ldoshev.

Tuman IIB xodimlari bilan suhbatlashgan Isuzu haydovchisining ma’ulmot berishicha, Lacetti boshqaruvidagi haydovchi katta ehtimol bilan uxlab qolgan va yuk mashinasi yo‘liga chiqib ketib, mashina bilan to‘qnashgan.

Voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.