“Eng kamida 35−40 foiz bo‘ladi deb o‘ylagandim”. Prezident xizmat ko‘rsatish sohasining 6 oylik natijalari haqida

Prezident videoselektorda xizmat ko‘rsatish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,3 foizga oshganini ma’lum qildi. “Eng kamida 35−40 foiz bo‘ladi deb o‘ylagandim”, — dedi u. Navoiy, Toshkent, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Qoraqalpog‘istonda soha rivoji o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan past darajada ekanligi tanqid qilindi.

O‘zbekiston Turkistonda 5000 o‘rinli yangi masjid qurmoqda

O‘zbekiston ko‘magi bilan Turkiston shahriga kiraverishda 5 ming kishiga mo‘ljallangan masjid qurilmoqda. Uning umumiy maydoni 20 ming kvadrat metrni tashkil qilib, qurilish ishlari keyingi yil yakunlanishi rejalashtirilgan.

Tokio-2020. Bahodir Jalolov finalga yo‘l oldi

O‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining final bosqichiga yo‘l oldi. Unga finalda AQSh vakili Richard Torres raqiblik qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Olimpiadaning o‘n ikkinchi kunini medalsiz yakunladi.

“Boshidan o‘tkazgan biladi”. Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarning muammolari haqida

Prezident videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot uchun murojaatlarni qabul qilish muddati 10 avgustgacha uzaytirilganini ma’lum qildi. Shu bois, uchrashuv kelgusi hafta o‘tkazilishi aytildi. “Kim tizimdagi muammoni biladi? Boshidan o‘tkazgan biladi”, — dedi u. Mutasaddilarga hech bir murojaatni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik bo‘yicha topshiriq berildi.

IIB 11 yoshli bolaning zo‘rlangani to‘g‘risidagi xabarni tekshirmoqda

Quva tumani IIB 11 yoshli bolaning amakisi tomonidan jinsiy tajovuzga uchragani to‘g‘risidagi xabarni tekshirmoqda. Farg‘ona viloyat prokuraturasi ishni nazoratiga oldi.

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida ikki tomonlama hujjatlar imzolandi

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida korrupsiya, narkotik moddalarni noqonuniy aylanishi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo hujjatlar imzolandi.

Ekopartiya prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini e’lon qildi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan prezidentlik saylovlarida Narzulla Oblomurodov nomzod sifatida qatnashadi. Partiya prezidentlik saylovlarida ilk bora ishtirok etmoqda.

Aholi murojaatlarini hal qilish uchun “Tezkor shtablar” tashkil etilmoqda

Viloyat hokimliklarida aholi murojaatlarini hal qilish uchun “Tezkor shtablar” tashkil etiladi. Ularning faoliyatiga hokimlar rahbarlik qiladi. “Har bir hokimning kabineti „xalq qabulxonasi“ bo‘ladi”, — degan edi Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni ushbu masalalarga oid videoselektorda.

O‘zbek-turkman chegarasida transchegaraviy savdo zonalari yaratilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzakov Turkmanistonda Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun ikki mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlarning kirishini soddalashtirish va savdo aylanmasi hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, O‘zbekiston — Turkmaniston chegarasida transchegaraviy savdo zonalarini yaratish masalalari muhokama qilindi.

“Salar” kanali bo‘yidagi qayta ishlab chiqarish va qoramol qushxonalari Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi

“Salar” kanali bo‘yida va Toshkentdagi suv tozalash inshooti yaqinida joylashgan ba’zi ishlab chiqarish obyektlari va qoramol qushxonalari Olmaliq va Ohangarondagi maxsus sanoat zonalariga ko‘chiriladi.

Namangandagi poliklinikada shifokor do‘pposlanishi yuzasidan jinoyat ishi ochildi

Namangan shahridagi oilaviy poliklinikada fuqaro o‘g‘liga noto‘g‘ri tashxis qo‘yganlikda shifokorni ayblab, u bilan mushtlashib ketgan. Shifokorning yuz, bosh va qo‘l qismiga jarohatlar yetkazilgan. “Bezorilik” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammitida qatnashadi

5−6 avgust kunlari Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida ishtirok etadi. Prezidentlar mintaqaning rivojlanishi, energetika va transport sohasida hamkorlik, pandemiyaga qarshi kurash va boshqa masalalarni muhokama qilishadi.

OTMlarga 950 mingga yaqin abituriyent hujjat topshirdi

O‘zbekistonda qariyb 950 ming nafar abituriyent oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 535 ming kishi yoki 36,1 foizga kam. Hujjat topshirganlarning 46 foizi sirtqi ta’limga hujjat topshirgan.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Turkiyalik muxojirlar, uch egizakning onasi, Garvard bitiruvchisi, molekulyar biolog: koronavirusga qarshi vaksinalarni yaratganlar kim?

Biror yuqumli kasallikka shifo topish, vaksina yaratish — juda katta mas’uliyat va tajribani talab etadi. Chunki bir doza preparat bilan yoki insonni normal hayotga qaytarish, yoki biror nojo‘ya ta’sir bilan noxush holatlarga olib kelish mumkin. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qo‘llanilayotgan 5 ta vaksina mualliflari va vaksinalar qanday yaratilganligi haqida “Gazeta.uz” maqolasida.