«Vaksina — bu immun tizimi uchun qo‘llanma bo‘lib, uning asosida immunitet dushman bilan kurashish bo‘yicha malakasini oshiradi», — degan edi rossiyalik kimyogar va yozuvchi Genrix Erlix.

Koronavirus infeksiyasi paydo bo‘lganidan buyon unga qarshi yagona vosita — vaksinalarning tezlik bilan ishlab chiqilishi uchun dunyoning bir qancha olimlari, yirik kompaniyalar, akademiya va institutlar tadqiqot ishlarini boshlagan edilar. Bugunga qadar butun dunyo bo‘ylab 16 taga yaqin vaksinalar qo‘llanilmoqda. O‘zbekistonda ayni damda ulardan to‘rttasi — AstraZeneca (Vaxzevria), Moderna, «Sputnik V» va ZF-UZ-VAC2001 (xitoy-o‘zbek) vaksinalari bilan aholi emlanmoqda. Yaqin orada Pfizer/BioNTech vaksinasi ham olib kelinishi kutilmoqda.

Mazkur preparatlarning yaratilishi ortida kim turgani va ular qay tarzda ishlab chiqarilgani haqida «Gazeta.uz» so‘z yuritadi.

AstraZeneca/Vaxzevria

Sara Gilbert. Foto: University of Oxford

Professor Sara Gilbert Oksford universiteti tadqiqot laboratoriyasining boshlig‘i bo‘lib, COVID-19 ga qarshi AstraZeneca vaksinasini ishlab chiqish jarayoniga rahbarlik qilgan.

Uning Oksford universitetidagi 300 kishilik jamoasi AstraZeneca, ingliz-shved farmatsevtika kompaniyasi bilan birgalikda 1077 ko‘ngilli ustidan klinik sinovlarni o‘tkazgan.

Vaksina infeksiyani yo‘q qiladigan antitanachalar va T-limfotsitlarini ishlab chiqarishi bilan kuchli immunitetga ega ekanligi ma’lum bo‘lganidan so‘ng, klinik sinovlar muvaffaqiyatli yakunlangan.

Sara Gilbertning ismi dunyodagi eng yirik ommaviy axborot vositalarining sahifalarida paydo bo‘ldi, intervyular uchun so‘rovlar tugamadi. Ammo, u boshqa ko‘plab olimlar singari, kamera va jurnalistlardan yiroqda ishlashga odatlangan. Ilmiy hamjamiyatda u yetakchi vaksina tadqiqotchisi sifatida tanilgan.

U Sharqiy Angliya universitetida biologiya bo‘yicha ilmiy darajani olgan, keyinchalik esa biokimyo bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. Shundan so‘ng u biotexnologiya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini boshlagan, u yerda sanoat miqyosida dori vositalari ishlab chiqarishni o‘rgangan.

1994 yilda Sara Gilbert Oksford universitetida ilmiy xodim sifatida faoliyatini boshlab, u yerda genetika, parazitlar va bezgakka qarshi kurashish bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan. Olingan bilim va tajriba asosida Gilbert oxir-oqibat vaksinani ishlab chiqara oldi.

Uning 3 ta egizak qizlari bor. Ular ham onasi yaratgan vaksina sinovlarida ko‘ngilli sifatida qatnashgan.

Sara Gilbertdan tashqari AstraZeneca vaksinasini ishlab chiqarish bo‘yicha ishlarda Adrian Xill, Endryu Pollard, Tereza Lamb, Sendi Duglas va Ketrin Grinlar ishtirok etishgan.

Sara Gilbert Jenner institutida (Oksford universiteti bo‘linmasi) nafaqat bezgak, balki A grippi va Yaqin Sharq nafas olish sindromi (MERS) ga qarshi vaksinalarni ham ishlab chiqargan.

Pfizer/BioNTech

Ugur Shaxin va O‘zlem Tyurechi. Foto: Agentur Focus

BioNTech kompaniyasini va uning vaksinasini turkiyalik mehnat migrantlari — Ugur Shaxin va uning rafiqasi O‘zlem Tyurechi yaratishgan.

Kompaniyaning 18 foiziga egalik qiluvchi, 60 dan ortiq patentga ega hamda Germaniyaning 100 nafar eng boy kishilari ro‘yxatiga kiritilgan professor Ugur Shaxin Turkiyada tug‘ilgan va Kyolnga to‘rt yashar bola bo‘lib kelgan. Otasi u yerdagi Ford avtomobil zavodida mehnat migranti bo‘lib ishlardi. Maktabni tugatgach, u Kyoln universitetining tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirgan va immunologiya sohasiga qiziqib qolgan.

«Bizda soat 16:00ga qadar darslar bo‘lar edi, undan keyin do‘stlarim uyga ketishar, men esa laboratoriyaga borib, u yerda soat 21:10 gacha, ba’zan esa ertalab soat 4 gacha ishlardim», — deb eslaydi 54 yoshli olim va tadbirkor.

1992 yilda Ugur Shahin nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi, shundan so‘ng u Kyolnda universitet klinikasida shifokor bo‘lib ishlaydi va gematologiya va onkologiya bo‘yicha ko‘p narsalarni o‘rganadi, chunki saraton kasalligiga qarshi kurash uni talabalik yillaridan o‘ziga tortgan.

Ugur Shaxin 1999 yilda Saar universitetida professor bo‘lgan. U yerda u bo‘lajak rafiqasi, Istanbuldan Germaniyaga kelgan shifokorning qizi, tibbiyot fakulteti talabasi O‘zlem Tyurechi bilan uchrashadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bolaligidan shifokorlikdan boshqa kasbni tasavvur qila olmagan. O‘sha paytda u hali tadbirkorlik haqida o‘ylamagan edi ham.

Biroq, 2001 yilda Ugur Shahin va O‘zlem Tyurechi universitet klinikasida ishlash uchun Maynsga ko‘chib, saraton kasalligiga qarshi immunoterapiya dori — darmonlarini ishlab chiqish maqsadida Ganymed Pharmaceuticals birinchi biotexnologik kompaniyasini tashkil etishgan.

2016 yilda ular kompaniyani 400 mln yevrodan ko‘proqqa sotishgan va 2008 yilda sheriklari bilan birgalikda Maynsda tashkil etilgan BioNTech kompaniyasida ishlashga o‘z e’tiborlarini qaratishgan.

2019 yil oktyabr oyida o‘sha paytga qadar bir qancha yirik investitsiyaviy fondlar sarmoya kiritgan BioNTech kompaniyasi o‘z aksiyalarini Amerikaning Nasdaq birjasiga joylashtirgan. Shu yilning boshiga kelib, dunyo SARS-Cov-2 virusi haqida bilganida, kompaniya immunologiya sohasidagi ko‘plab ishlanmalariga tayanib, yanvar o‘rtalarida vaksina ishlab chiqish uchun yetarlicha moliyaviy resurslarga ega bo‘lgan. Bundan tashqari, kompaniyaga Germaniya Federativ Respublikasi hukumati tomonidan 375 mln yevro ajratilgan.

Ugur Shahin va O‘zlem Tyurechi vaksina loyihasini Lightspeed («Nur tezligi») deb nomlashgan. Chunki virus o‘zining tez tarqaluvchi xususiyati bilan uni to‘xtatish vositasini iloji boricha tezroq ishlab chiqishni talab qilgan. Mart oyida Pfizer korporatsiyasi loyihaning ishlab chiqarish va logistika hamkori bo‘ldi. Vaksinaning to‘rtta varianti 2020 yilning aprel oyi oxirida Germaniyada va may oyining boshida AQShda sinovdan o‘tkazila boshlandi. Iyulga kelib, eng istiqbolli variant BNT162b2 ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Hozirda ushbu vaksina bilan 100dan ortiq mamlakatlarda koronavirusga qarshi emlanish mumkin.

Moderna

Stefan Bansel. Foto: Bloomberg via Getty Images

Moderna kompaniyasi rahbari — Stefan Bansel Marselda tug‘ilgan. U 1990 yillarning o‘rtalarida Minnesota universitetining magistratura bosqichida kimyo muhandisi yo‘nalishida o‘qiganida mRNK haqida o‘rgangan.

2010 yilga kelib, Bansel Garvard biznes maktabida magistrlik diplomini oladi va Fransiyaning bioMérieux biotexnologik kompaniyasining bosh direktori bo‘lgan.

Bir kuni unga venchur investori Noubar Afeyan murojaat qilib, mRNK yordamida yangi dorilar va vaksinalar ishlab chiqaradigan kompaniya tuzish rejasini taklif qilgan. Avvaliga Bansel bu fikrga shubha bilan qaragan, lekin Afeyan uni ishontira olgan.

«Agar bu g‘oya muvaffaqiyatli bo‘lsa, u mutlaqo yangi turdagi dori bo‘ladi», — deb o‘ylagan edi fransiyalik tadbirkor. O‘sha yili Bansel Afeyan va uning tadqiqotchilari Massachusets texnologiya instituti va Garvard universitetining tadqiqotchilar guruhiga qo‘shilgan. Ular birgalikda Moderna kompaniyasni ishga tushirishgan.

Stefan Bansel koronavirusning birinchi kasallanish holati qayd etilgandan buyon yangi virusni kuzatishni boshlagan. Yanvar oyi boshida u qo‘l ostidagilarga The Wall Street Journal gazetasidagi yangi kasallik haqida maqolani yuborgan va ularga yangiliklarni diqqat bilan kuzatib borishni buyurgan.

2020 yil 11 yanvar kuni xitoylik olimlar yangi virusning genetik ketma-ketligini internetda e’lon qilganidan 48 soat o‘tgach, Massachusets shtatidagi Moderna mutaxassislari vaksinani ishlab chiqish rejasini tuzganlar. 42 kundan so‘ng, kompaniya birinchi bosqich sinovlari uchun AQShning Milliy sog‘liqni saqlash institutiga preparatning dastlabki versiyasi partiyasini yuborgan. Moderna o‘zining vositachi RNK hujayrali (mRNA) vaksinasi bilan kasallikka qarshi immunitetni hosil qilishning yangi usulini o‘ylab topishga harakat qilgan. 2020 yilning mart oyida preparat ilk bora odamlarda sinovdan o‘tkazilgan.

Vaksina uchun bu juda qisqa muddat, chunki odatda uni ishlab chiqish uchun yillar, ba’zida esa o‘nlab yillar kerak bo‘ladi. Ammo 47 yoshli Bansel uchun bu juda uzoq muddat edi. «Biz har kuni odamlarni yo‘qotmoqdamiz. Har bir kun g‘animat ekanligiga aminmiz»,― deya ta’kidlagan edi kompaniya rahbari.

2020 yilning iyun oyida Amerikaning Moderna kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan vaksina klinik sinovlarning dastlabki ikki bosqichida umidli natijalarni ko‘rsatgan. Mazkur vaksina bilan emlangan odamlarning tanasida SARS-CoV-2 virusini zararsizlantiradigan antitanachalar muvaffaqiyatli ishlab chiqarila boshlagan.

«Sputnik V»

Aleksandr Ginsburg. Foto: Izvestiya

Koronavirusga qarshi «Sputnik V» vaksinasi N.F.Gamaleya Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan. Markazga Aleksandr Ginsburg rahbarlik qiladi.

Aleksandr Ginsburg Moskvada tug‘ilgan. Maktabdan so‘ng u Moskva davlat universitetining biologiya va tuproqshunoslik fakultetining virusologiya kafedrasiga o‘qishga kirgan. Universitetni tugatgandan so‘ng o‘sha paytda Rossiyada molekulyar genetik tadqiqotlar markazi bo‘lgan molekulyar genetika institutining aspiranturasiga tavsiya etilgan.

Aleksandr Ginsburg 7 yil R.B.Xesining laboratoriyasida ishlagan. U yerda tez rivojlanayotgan molekulyar biologiya va molekulyar genetika sohalarining yetakchi mutaxassislari ham jalb qilinar edi.

1989 yilda N.F.Gamaleya Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy tadqiqot markazida u biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan, 1997 yilda markaz direktori lavozimiga tayinlangan. Ginsburg boshchiligida tibbiy amaliyotga Ebola bezgagiga qarshi mahalliy Gam-Evak Kombi vaksinasi joriy etilgan edi.

Rossiyada 2020 yil iyun oyida COVID‑19 ga qarshi vaksinaning klinik sinovlari boshlangan.

Inson adenovirusining vektori platformasini o‘rganish asosida yaratilgan «Sputnik V» vaksinasi birinchi Sovet kosmik sun’iy yo‘ldoshi sharafiga nomlangan.

«Sputnik V» vaksinasining 1 va 2 bosqich klinik sinovlari 2020 yil 1 avgustda yakunlangan. Rossiyadagi klinik sinovlarning uchinchi bosqichining natijalari 2021 yil 2 fevralda Lancet jurnalida e’lon qilingan.

ZF-UZ-VAC2001 (xitoy-o‘zbek)

Foto: Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical" kompaniyasi vakillari

COVID-19 ga qarshi ZF-UZ-VAS2001 vaksinasi Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti bilan hamkorlikda Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Xitoy kompaniyasining direktori Li Vanjun hisoblanadi.

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi va vazirlik huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi preparatning sinovlarida bevosita ishtirok etganligi, shuningdek, uning klinik tadqiqotlariga qo‘shgan hissasi natijasida O‘zbekiston vaksinaning hammuallifi sifatida tan olingan.

Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi vaksina ishlab chiqarish sohasidagi faoliyatini 2002 yildan boshlagan. 2019 yilda kompaniyaning yillik daromadi 10,59 mlrd yuanni tashkil qildi. Kompaniyada 3000ga yaqin xodim faoliyat yuritadi. 2010 yil sentabr oyida kompaniya Shenchjen fond birjasida ro‘yxatga olindi va ChiNext (Shenchjen fond birjasining sho‘ba korxonasi) ro‘yxatiga kiritilgan birinchi xususiy vaksinalar ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘ldi.

Xitoy Fanlar akademiyasi SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi nomzod vaksinasini yaratish loyihasining tashabbuskori va koordinatori hisoblanadi. Akademiyaning tarkibiy bo‘linmalaridan olingan tadqiqot guruhi o‘ziga xos dimerik RBD texnologiyasini ishlab chiqdi, uning asosida koronavirusga qarshi nomzod vaksina yaratilgan.

Xitoy-o‘zbek vaksinasi SARS-CoV-2 koronavirusining rekombinant NCP-RBD oqsilini yaratish orqali biotexnologik usulida olingan. Emlangan kishining tanasida ushbu oqsilning пайдо bŭлиши bilan immun tizimda virusni zararsizlantiradigan antitanalarni ishlab chiqaradi.

ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining 3-bosqich sinovlarida Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti ilmiy jamoasi ishtirok etgan.

Sinovlarga Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik, genetik-olim Ibrohim Abdurahmonov rahbarlik qilgan. Tadqiqot ishlarida Ilg‘or texnologiyalar markazining qator olimlari — biologiya fanlari doktori, profesor Shahlo Turdiqulova, biologiya fanlari doktori Alisher Abdullayev, biologiya fanlari nomzodi Dilbar Dolimova, ilmiy xodimlar Muzaffar Mo‘minov, Abror Abdurahimov hamda Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori Erkin Musaboyev rahbarligidagi tibbiyot xodimlari ishtirok etgan.

Foto: Innovatsion rivojlantirish vazirligi