23 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda viloyat, tuman va shahar hokimlari bir haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratishi, shuningdek, hokimliklarda kunlik qabul yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

«Har bir hokimning kabineti „xalq qabulxonasi“ bo‘ladi. Murojaatlarni ko‘rib, nimalarga e’tibor qilish bo‘yicha har bir rahbarning strategiyasi bo‘lishi kerak», — degan edi prezident.

Prezident Xalq qabulxonasining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, respublikaning barcha hududlarida viloyat, tuman va shahar hokimlari, ularning tegishli o‘rinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, sektorlar rahbarlari hamda aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha mas’ul xodimlar uchun maxsus o‘quv seminarlar tashkil etilmoqda.

Tashkil etilgan mazkur seminarda aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘mak va ko‘rsatmalar ham berilyapti.

Joylarda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil etish bo‘yicha hokimliklar qoshida «Tezkor shtab«lar tuzilyapti. Viloyat hokimi «Tezkor shtab» faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, belgilangan vazifalar hamda topshiriq va tavsiyalar ijrosini ta’minlaydi, sayyor va shaxsiy qabullar o‘tkazadi.

Shuningdek, shtablar tarkibiga mutasaddi tashkilotlardan buyruq asosida ijrochi xodim ajratiladi. Shtabning ijro hujjatlarini elektron bazaga kiritish uchun 4 ta kompyuter va 4 ta printer hamda 4 ta xodima ajratildi. Tuzilgan dalolatnomalar bo‘yicha ma’lumotlar Xalq qabulxonasiga va viloyat shtabiga o‘z vaqtida taqdim etilishi kerak.

«Tezkor shtab» guruhi murojaatlarni elektron bazasiga kiritadi, korxonalar tomonidan qayta o‘rganilgan murojaatlar to‘g‘risidagi dalolatnomalar va fuqarolarning tushuntirish hamda minnatdorchilik xatlari bo‘yicha kunlik ma’lumotlarni yig‘adi. Natijada ushbu ko‘rsatkichlar haqqoniyligini Xalq qabulxonalari mudir va mutaxassislari o‘rgangan holda hujjatlar yig‘ib boriladi.

Bugungi kunga qadar o‘quv seminarlar Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlarida bo‘lib o‘tdi.