Seshanba kuni prezident boshchiligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xizmat ko‘rsatish sohasining 6 oylik natijalari ham muhokama qilindi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, yig‘ilishda xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun tadbirkorlarga zarur imtiyozlar va barcha imkoniyatlar yaratib berilgani qayd etilgan.

Xususan, birinchi bosqichda 7 ta tijorat bankiga 1 trln 575 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgani tilga olingan. Shuning hisobidan hududlarda umumiy qiymati 3 trln 600 mlrd so‘m bo‘lgan 2400 ta loyihani amalga oshirish boshlandi.

«Natijada, 2020 yilning birinchi yarmiga nisbatan xizmatlar ko‘rsatish hajmi 18,3 foizga oshdi… Men eng kamida 35−40 foiz bo‘ladi deb o‘ylagandim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayniqsa, Sirdaryo (25 foiz), Andijon (22 foiz), Buxoro (21 foiz), Xorazm (20 foiz), Surxondaryo (19 foiz), Farg‘ona (19 foiz) hamda Toshkent shahrida (21 foiz) xizmatlar ko‘rsatish sur’atlari yuqori bo‘ldi.

Davlat rahbari qaysi viloyatlarda ko‘rsatkichlar past ekanligini ma’lum qildi. «Hududlar kesimida, xizmatlar sohasi o‘sish sur’atlari Navoiy, Toshkent, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Qoraqalpog‘istonda o‘rtacha ko‘rsatkichlardan past darajada bo‘ldi», — dedi u.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Milliy bank boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatov 1 sentyabrga qadar xizmatlar sohasida 120 mingta, yil yakuniga qadar 415 mingta yangi ish ўринларини tashkil etish choralarini ko‘rsin, deya prezident so‘zlarini keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Buning uchun, 7 ta ustuvor yo‘nalish (yangi loyihalar, ko‘p qavatli uylarning birinchi qavati va yerto‘lalar, o‘zini o‘zi band qilish, tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish kabi ishlar) belgilangan. Bosh vazir Abdulla Aripov bu ishlar ijrosini o‘z nazoratiga olishi kerakligi aytildi.

Jamshid Qo‘chqorov va Jahongir Ortiqxo‘jayevga bir oy muddatda poytaxtda joylashgan 2250 ta davlat tashkilotlari mol-mulkini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, bo‘sh binolar va yer maydonlarini tadbirkorlarga berish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berildi.